So‘nggi vaqtlarda yon-atrofimizda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab yo‘l transport hodisalarining yuz berayotgani haqidagi mudhish xabarlarning guvohi bo‘lyapmiz. Achinarlisi esa, bularning ko‘pchiligi insonlarni o‘limi bilan yakun topmoqda. Ehtimol bugun vafot etgan haydovchi uyidan umuman boshqa rejalar, boshqa maqsad bilan chiqqan bo‘lishi mumkin, ammo birgina noto‘gri qadam, birgina eʼtiborsizlik uni bu hayotni tark etishiga sabab bo‘lmoqda. Aynan mana shu masala yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati katta tezlikda mashina haydash oqibatida vafot etgan haydovchining o‘z joniga qasd qilish maqomida bo‘lishiga fatvo bergan edi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, aksariyat yo‘l-transport hodisalari alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilgan holda transport vositasini boshqarish sababli yuz bermoqda. Vaholanki, mast holda rulni boshqarish amaldagi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi, shuningdek, muqaddas dinimizda ham qattiq qoralanadi.
Uzoq safarga chiqishdan oldin har bir haydovchi o‘zini ham jismonan, ham ruhan tayyorlab olishi shart. Chunki bundan oldin «Xalq so‘zi» muxbiri va yana uch fuqaroning halok bo‘lishiga, Sirdaryoda Matiz rusumli avtomobil bilan bo‘lgan yo‘l transport hodisasidagi yo‘lovchining o‘limiga haydovchining uxlab qolganligi sabab bo‘lgan.
IIV matbuot kotibining bergan maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida qariyb 1700 nafar fuqaro YTH qurboni bo‘lgan. Ushbu davrda respublikada 6 ming 551 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ulardan 1 ming 682 tasi o‘lim bilan yakun topgan. Jarohat olganlar esa 5 ming 920 tani tashkil etmoqda. Yo‘l –transport hodisalarining deyarli 40 foizini tezlikni meʼyoridan oshirish natijasida sodir bo‘lgan. Ehtimol bu raqamlarga shunchaki ko‘z tashlab qo‘yish, shunchaki aytib ketish osondir, ammo bu raqamlarda kimningdir hayoti endi qaytib davom etmasligini, shu vaqtgacha sog‘lom bo‘lib yashab kelgan inson nogiron bo‘lib qolganligini ifodalaydi.
Aslida bunday hodislarning yuzaga kelishida o‘rni bilan haydovchilarning ham, yo‘lovchilarning ham aybi bor. Biroq shu yerda uchinchi aybdor vakilni ham ko‘rishimiz mumkin. Bu esa korrupsiya. Ehtimol yo‘l transport hodisasiga korrupsiyaning qanday aloqasi bor ekan deb o‘ylayotgan bo‘lishingiz mumkin. Biroq korrupsiya barcha sohalarni kemirib kelayotgani kabi insonlar hayotiga ham zomin bo‘lmoqda. Barchamiz yaxshi bilamizki, haydovchilik guvohnamasi olish uchun ham kerakli shartlar, o‘zining maxsus imtihonlari mavjud. Afsuski, mana shu imtihonlarni pulning kuchi bilan “aʼlo” darajada yakunlab olayotganlar yo‘q emas oramizda. Lekin buning natijasi nimaga olib kelishi haqida o‘zingiz xulosa chiqarib qo‘yavering.
Hurmatli haydovchi, hurmatli yo‘lovchi! Sizning birgina qilgan xatoyingiz kimnidir hayotiga nuqta qo‘yishi mumkin ekanligini unutmang!
Muallif: Laylo Esanmurodova