Avstriyadagi yakkayu yagona AES – Sventendorf atom elektr stansiyasi 1972 yili Dunay sohilida, poytaxt Venadan 30 kilometr masofada qurila boshlagan. Rejaga binoan u mamlakatdagi elektr energiyasiga ehtiyojning 10 foizini qoplashi kerak edi. Lekin 1970-yillar oxiriga yaqin qurilish ishlari yakuniga yetsa ham stansiya ishga tushmadi. Buning oʻziga xos sababi bor.
Jamiyatdagi qator siyosiy va ijtimoiy guruhlar – milliy qadriyat va oilani hamma narsadan ustun qoʻyuvchi konservatorlar, utopik (amalga oshishi dargumon) gʻoyalardan ilhomlanadigan soʻlchilar, tabiat jonkuyarlari, tanqidiy nazarga ega mutaxassislar va boshqalar AESga keskin qarshi chiqdi. Ular birlashib, Österreichischer Atomkraftwerksgegner (IÖAG – «Avstriyada AES qanday oqibatlarga olib keladi?») platformasini tashkil qildi va maxsus gazeta chop qila boshladi. Boshida nashrni yuridik va jismoniy shaxslar qoʻllab-quvvatladi, keyinroq u ommalashib ketib, oʻz xarajatlarini oʻzi qoplaydigan darajaga yetdi. Faollar alohida guruhlar tashkil qilib, axborot stollari tashkil qildi, koʻchadagi odamlarni shu mavzudagi suhbatlarga tortdi, umummilliy aksilatom harakatiga rasman qoʻshilishga daʼvat etdi. Atom energetikasi sohasidagi falokatlar roʻy-rost yoritildi.
Nihoyat, 1978 yilning iyun oyida Federal kansler Bruno Krayskiy 5 noyabrni yadro energetikasi boʻyicha referendum kuni, deb eʼlon qildi. Ommaviy ovoz berish tadbirida saylovchilarning uchdan ikki qismi qatnashdi va AESga qarshi chiqqanlar minimal ustunlik (50,47 foiz) bilan gʻalaba qozondi. Lekin qonun – qonun-da. Xalq irodasining kuchi oʻzini koʻrsatdi. Koʻpchilik nima desa, shu boʻldi. Yangi AESda yarim kilovatt ham elektr energiyasi ishlab chiqarilmadi. Oʻsha yilning oʻzida Avstriyada yadroviy reaktorlar kuchi bilan ishlaydigan elektr stansiyalari qurilishini taqiqlash toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi. Sventendorf stansiyasining faoliyati esa ilmiy maqsadlarga xizmat qilishga yoʻnaltirildi. Hozir uning yonida 2009 yilda qurilgan Quyosh elektr stansiyasi ishlayapti. QESning yillik quvvati 180 MVt/s. Vaholanki, AESniki 5455728 MVt/sni tashkil qilishi mumkin edi. Lekin avstriyaliklar baribir atom enegriyasini yoqlamadi.
Aytish kerakki, Avstriyaning bu jasorati koʻhna qitʼada beiz ketmadi. Yevropaliklar undan ruhlanib, Nuclear power phase-out («Yadro energetikasidan bosqichma-bosqich voz kechish») deb nomlangan umumevropa harakatiga asos soldi. 1979 yili Tri-Mayl-Aylendda (AQSH), 1986 yili Chernobilda (hozirgi Ukraina) va 2011 yili Fukusimada (Yaponiya) roʻy bergan yadroviy falokatlar bu harakat safini yanada kengaytirib, taʼsir kuchini oshirdi. Masalan, «Fukusima fojeasi»dan keyin Germaniyadagi 17 reaktordan 8 tasi (Biblis A va Biblis B, Brunsbüttel, Isar I, Krümmel, Neckarwestheim I, Philippsburg I va Untervezer) birdan toʻxtatildi. Qolgani 2022 yil oxirida toʻxtatilishi kerak. Italiya koʻpchilik ovoz bilan oʻzining noyadroviy maqomini saqlab qolishni yoqladi. Shveysariya va Ispaniya yangi reaktorlar qurilishiga taqiq qoʻydi.
Dunyo boʻyicha oladigan boʻlsak, 2016 yil holatiga koʻra, Avstraliya, Avstriya, Daniya, Gretsiya, Irlandiya, Italiya, Latviya, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Malayziya, Malta, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Filippin, Portugaliya va Serbiya AESga ega emas va yadroviy energetikaga qatʼiyan qarshi boʻlib turibdi. Belgiya, Germaniya, Ispaniya va Shveysariya 2030 yilgacha yadro energiyasidan bosqichma-bosqich voz kechishni rejalashtirgan. Ozarbayjon, Gruziya, Gana, Irlandiya, Kuvayt, Oʻmon, Peru va Venesuela esa oʻzining ilk AESini qurishni rejalashtirgan, lekin buni amalga oshirmagan davlatlar sirasiga kiradi.
Maʼlumki, Oʻzbekistonda ham AES qurilmoqda. Biz uning ijobiy yo salbiy tomonlarini muhokama qilish, kimlarnidir bu xususda munozaraga chorlash niyatidan yiroqmiz.
Faqat bir narsa oʻylantiradi: Nima uchun bizning Ekopartiya bunday faol jarayonlardan ruhlanmaydi, ularga munosabat bildirmaydi, yurtimizdagi AES haqida lom-mim demaydi?!
Oʻquvchi bizni toʻgʻri tushunsin uchun qoʻshib oʻtamizki, gap AESni oqlash yo qoralash haqida ketayotgani yoʻq. Ekopartiyamiz oʻzining bu boradagi mavhum sukutini anglatib berishini istaymiz, xolos.
Muzayyana ANVAR