Sen qachon yashaysan, qishloq ayoli!

Ayolning joni qirqta bo’ladi degani uning qo’lidan hamma ish keladi degani emas. Tashvishlarga boy bo’lgan ro’zg’oridan, farzandlaridan ortib, kezi kelganda erkaklar bilan dala-dashtda tengma-teng mehnat qilayotgan qishloq ayollarining jasoratini qanday baholash mumkin? Mana shunda ham ular o’zining hayotidan nolimaydi, yashayotgan har bir kuni uchun shukrona aytib keladi.

«Ayollarning muammolariga e’tibor qaratilyapdi, yaxshi turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratib berilish ko’zda tutilgan», deya aytilgan qator gaplarni ko’p eshitganmiz-u, biroq bizga har doimgidek berilgan va’dalarning amaldagi natijasi qiziq.

Bugun qishloq ayollariga salgina ko’rsatilayotgan e’tiborning ham ko’pchiligi fotohisobot uchun, tezlik bilan OAVda yoritish uchun bo’lib qolgandek go’yo. Bir tanishimning aytishicha, yaqinda yolg’iz yashaydigan bir ayolning qiziga xotin-qizlarni qo’llab quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash maqsadida tikuv mashinasi sovg’a qilinibdi. Qishloq ayollari sodda emasmi, oradan biroz vaqt o’tgach, baribir ishlatmayapsizlar-ku, deya qaytarib olib ketishibdi. Qani bu yerda adolat?! Qani bu yerda insoniylik?!

Oftob qizdirayotgan dalalarda mehnat qilgan ayollarga qimmatbaho sovg’alar topshirildi deya, bong urishadi-yu, lekin ayol ojiza, bunday mehnatlarga aslida turmush tashvishlari, hayot qiyinchiligi, moddiy yetishmaslik majbur qilayotganini yaxshi bilishadi.

Har zamonda elektr choynak, maqtov yorlig’i yoki bo’lmasam, 3-4 ta taqir tuqur berib kelish bilan qishloq ayollaring hayoti o‘zgaradimi? Siyosatdan uzoq, soddadil ayollar ehtimol baxtni farzandining qornini to’qlay olgani, sigir-qo’ylariga yaxshi qaray olgani deb hisoblaydi. Tun-u kun gaz, «svet», suv bo’lmagan holatlarni ko’rib, biz rivojlanayotgan davlatda yashayapmizmikin degan gumonga ham borib qoladi odam. Nima bo’lganda ham u inson, u ayol. Butun umr qo’li tappi bilan qavarib o’tmasdan mustaqil mamlakatning mustaqil insoni sifatida u ham farovon va osuda yashashga haqli!

Darvoqe, bugun Xalqaro qishloq ayollari kuni!

BMT Bosh Assambleyasining 2007- yil 18-dekabrdagi «Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash» to‘g‘risidagi rezolyusiyasiga asosan belgilangan. BMT koʻzlagan ezgu maqsadlar oʻzbekning qishloq ayollari hayotida ham aks etishidan umidvormiz!

Muallif: Laylo Esanmurodova