Iqtisodiyot universiteti rektori Qoʻngʻiratboy Sharipov faqat toʻrtta partiya nomzodini tanqid qilishga qodirmi?

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qoʻngʻiratboy Sharipov toʻrtta siyosiy partiyaning saylovoldi dasturlaridagi aksariyat gʻoyalari reallikdan ancha yiroqligini tahlil qildi. Bu haqdagi tegishli maqola «Jamiyat» gazetasining 41-sonida, bundan tashqari bir necha axborot saytlarida eʼlon qilindi.

«Siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlaridagi aksariyat gʻoyalari reallikdan ancha yiroq. Ayniqsa, iqtisodiyotimizni koʻtarishga qaratilgan takliflarning turli uchrashuvlar, hatto oddiy suhbatlar chogʻida ham iqtisoddan xabari bor odamlar oʻzaro bahslashib, hisobini chiqarolmay ovora. Darhaqiqat, baʼzi saylovoldi dasturlarida davlat byudjeti hisobiga balandparvoz iqtisodiy masalalarni taklif etilayotgani anchayin bahstalabdir», — deb soʻz yuritadi rektor oʻz maqolasida.

Maqolada birma-bir toʻrtta partiyadan koʻrsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturidagi «xato va tushunmovchiliklar» misol qilib koʻrsatilgan.

Umuman olganda, bu kabi buyurtma maqolalar saylov kuni yaqinlashishi bilan juda ham koʻpayib qoldi. Katta ehtimol bilan moʻmay pul evaziga aholiga yetkazilmoqda.

Biroq biz ushbu tahliliy maqolada OʻzLiDeP partiyasidan nomzod sifatida koʻrsatilgan nomzod, amaldagi prezidentning oʻtkazayotgan uchrashuvlari va saylovoldi dasturining tahlilini uchratmaymiz. Bu bilan faqat amaldagi prezident taklif qilayotgan dastur mukammal deyilmoqdami?

Nima prezident ilgari surayotgan takliflarning barchasi iqtisodiy tomondan tushunarlimi? Yoki hurmatli rektor Qoʻngʻiratboy Sharipov prezidentning saylovoldi dasturini tahlil qilib, undagi xatolarni koʻrsatishga choʻchiydilarmi?

Rektor toʻrta partiya nomzodlari tomonidan taklif qilingan dasturlardan quyidagi jihatlari haqida oʻz tahliliy fikrlarini taqdim qilgan.

«Adolat» SDPdan koʻrsatilgan nomzodning uy-joylarning narxini keskin kamaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini munitsipal uylar bilan taʼminlash masalasi, pensiyadagi yuqori cheklovlarni bekor qilish, mehnatga, maoshga va ijtimoiy toʻlovlarga yarasha pensiya taʼminotini yoʻlga qoʻyish borasidagi takliflar, maxsus jamgʻarmalarni bekor qilish orqali davlat byudjetiga tushumlarni koʻpaytirish taklifi reallikdan holi» deya tanqid qilingan. Hamda shunga qoʻshimcha ravishda iqtisodiy hisob-kitoblar haqida ham birmuncha statistika taqdim etilgan.

Ekologik partiyadan nomzod Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturida tejamkor sugʻorish texnologiyalarini keng joriy etish orqali asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hosildorligini oʻrtacha 25-30 foizgacha oshirish boʻyicha taklifi, «Milliy tiklanish» DP nomzodi esa, oʻz saylovoldi dasturida ishchi xodimlarning ijtimoiy muhofazasi taʼminlanishi, mehnat shartnomasida xodimning sogʻligʻidan tortib, ijtimoiy talablarigacha boʻlgan barcha holatlar kafolatlanishi taklifi, kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlashning qadriyatlarga tayangan yangi tizimini joriy qilish, ehtiyojmand kishilarni ish bilan taʼminlagan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berish tartibi qonun bilan belgilanishi haqidagi takliflari misol qilib koʻrsatilgan.

Shuningdek, XDPdan prezidentlikka koʻrsatilgan nomzodning iqtisodiy yoʻnalishida aholining daromadiga qarab, tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish taklifi ham xuddi yuqoridagi kabi tanqid ostiga olingan.

Koʻrsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlarini qoʻllab-quvvatlash bilan birga ularni tahlil qilganda ham tenglikni inobatga olish kerakligini soʻrab qolgan boʻlar edik.

Balki hurmatli rektorimizga faqat toʻrtta partiya oʻz nomzodini koʻrsatgani haqida maʼlum qilingandir. Agar unday boʻlsa OʻzLiDeP partiyasi nomzodining ham saylovoldi dasturlarini bir koʻzdan kechirib chiqishini soʻrab qolamiz.

Axir saylov qonunlarimizda hamma tomondan tenglik boʻlishi bejiz aytilmagan.

©