«Milliy tiklanish» partiyasi tomonidan nomzodi ilgari surilgan Alisher Qodirovning «xorijdagi mehnat migrantlari ham soliq to‘lashi kerak» degan taklifi ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs va noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.
Bugun liberal-demokratlar nomzodi Shavkat Mirziyoyev mazkur taklif borasida munosabat bildirdi:
Viloyatdan chet elga ketib, mehnat qilayotgan fuqarolarimiz imkon qidirib ketishgan. Imkon qidirgan odam fidoyi odam bo‘ladi. Chetda yuradiganlarni daromad solig‘ini tortish haqida gap chiqdi. Bu mutlaqo asossiz gaplar. Men, Xudo nasib qilib, rahbar bo‘lib ishlasam, bunday bo‘lmaydi. Ular o‘ziga va oilasiga imkon yaratyapti, o‘zini ish bilan ta’minlayapti, oilasini boqyapti. Ularni men o‘z farzandlarim deb bilaman. O‘tgan vaqtda biz ham ularni qo‘llab-quvvatlash uchun choralar ko‘ryapmiz, — deydi nomzod Mirziyoyev.
Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashib turgan nomzod Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida departament ochilganini aytib, davlat, millat, prezidentning vazifasi — migrantlarga ham yaxshiroq sharoit yaratib berish ekanligin bildirgan.
Demokratik jarayon hisoblanmish saylovda nomzodlarning o‘zaro raqobat ko‘rsatishi odatiy, ayni vaziyatda ijobiy hamdir. Ammo, hozirgacha faqat liberal-demokratlar nomzodigina mazkur faollikni namoyish qildi.