Bir paytlar nufuzli oliy taʼlim dargohlaridan birida tahsil olayotgan kezlarimiz maʼruzalar zalida pedagogika va psixologiya darsidan maʼruza qilayotgan domlamiz: «Sizlarni, ayniqsa, qizlarni mana shu dargohda oʻqitayotgan ota-onalar juda toʻgʻri ish qilyapdi. Negaki, vaqti kelib sizlar ham oila qurasizlar, farzand koʻrasizlar. Oʻshanda farzandingizning har bir yoshiga qarab, qanday muomala qilishni oʻrganasizlar. Umuman olganda, yosh davriga oid psixologiyani yanayam yaxshiroq oʻqing», deya alohida taʼkidlagandi. Mana, yillar oʻtib, oʻsha domlamiz haq ekanligini ich-ichimdan his qilyapman.
Farzand tugʻiladi. Ikki yoki uch yoshga yetgach, bolalar bogʻchasiga joylashtirishni boshlaymiz, yaʼni, bolaning jamiyatga ilk aralashuvi shu davrdan boshlanadi. Har xil oila muhitida katta boʻlayotgan bolalar maktabgacha taʼlim muassasalarida toʻplanishadi. Bir-biridan yaxshi-yomon odatlarni oʻrganadi. Ayniqsa, teleekranlar orqali tomosha qiladigan multqahramonlarga taqlid qilishadi. Oʻshalarga oʻxshashga harakat qiladi. «Aqlvoy» kanali orqali berib borilayotgan multfilmlarni obdon kuzatsam, multqahramonlarning bir-biriga nafratini, bir-biridan qasos olishini koʻrdim. Texnik vositalarning roli kuchaygan-u bolalarni ezgulikka, rostgoʻylikka, mehnat qilishga undaydigan jihatlar umuman yoʻq. «Bolajon» kanalida berib boriladigan koʻrsatuv va multfilmlarda esa, insoniy tuygʻularni shakllantiruvchi omillarni «Aqlvoy» kanalidagi ayrim sovuq texnik vositalar bilan solishtirib, taqqoslab bolalarimga tushuntirishga harakat qilaman. Lekin, farzandlarim oʻsha sovuq qahramonlarni tomosha qilishni xohlayotganidan xavotirdaman. Vaziyat shu darajagacha bordiki, dadasi ham bu vaziyatga aralashib, «Aqlvoy» kanalini koʻrmaslikka qattiq taʼqiq qoʻyildi.
Bir kuni farzandimning tarbiyachisini yoʻlda uchratib qoldim. Gaplaridan bildimki, bogʻchada bolalar oʻzlarini shu darajada tutishadiki, tarbiyachi soat oltida uyiga boshi garang, arining uyasidek gʻuvillagan holda kirib boradi. Bolalar katta boʻlgani sari oʻz xohishiga qarab ish tutgisi keladi. Ijobiy yoki salbiy tomonlarini namoyon qilishni xohlaydi. Bolalarimizda ijobiy xislatlarning shakllanishiga xizmat qiluvchi jihatlarni axtarib topaylik. Kitob oʻqishni bilmasa ham qoʻliga tutqazaylik. Katta-katta rasmlari aks etgan kitob varaqlarini yirtsin, chizsin. Umuman, bolaning kitob bilan tanishuvi shunday boshlanadi. Kitobni sandiqda toza saqlab, gard yuqtirmay qoʻygandan foyda yoʻq. Aksincha, varaqlari yirtilgan, chizilgan kitob ertaga farzandingizning hayot yoʻlini oydin qilishi mumkin.
Bugun million-million pullarga olib berilgan telefon farzandingiz oyogʻiga bolta boʻlib urilishi mumkin. Cheksiz internetga ulangach, u nimaga mukkasidan ketadi?! Internetga mukka tushib, pulga oʻyin oʻynayotgan, ota-onasiga bildirmasdan uyidan pul olib chiqayotgan farzand ertaga zalolatga botmaydi, deb ayta olamizmi!? Bolalarimizni sovuq texnik vositalardan, ezgulikni targʻib qilolmayotgan multqahramonlardan muhofaza qilaylik. Zero, bugun nima eksak, ertaga shuni oʻramiz. Chunki biz katta avlod vakillari oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga birdek masʼulmiz va javobgarmiz.
Niholning qanday oʻsishi uni parvarish qiluvchi bogʻbonga bogʻliq boʻlganidek, bizlar ham farzandlarimizni telefondagi oʻyinlardan chalgʻitolmayapman yoki yovuzlikni targʻib qiluvchi oʻyinlarni tark qilmayapti, deb bahona qilishimiz uyat. Biz nima uchun kattamiz, chunki bizda hayotiy tajriba bor. Ana shu hayotiy tajribamizdan kelib chiqib, farzandlarimizni tarbiyalashimiz, ularga oʻzimizning ulugʻ xislatlarimizni koʻrsatib qoʻyishimiz bilan hurmat ham topamiz, bolaning hayotini yoʻlga ham qoʻya olamiz. Davrlar oʻtaveradi, odamlar ongi oʻsib, rivojlanaveradi, ammo biz bolalarimizni shunday tarbiyalashimiz kerakki, ularning qalbidagi insoniylik tuygʻulari sofligicha tirik qolsin.
Rohila Rajapova, filolog.