Biron-bir maktab oldidan oʻtib ketayotganingizda maktab ichkarisi va tashqarisidagi gʻala-gʻovur, shovqinlardan boshingiz aylanganmi? Yoki shu maktabdagi qaysidir sinfda bolalarga dars oʻtishga qiynalayotgan oʻqituvchining ahvolini bir tasavvur qilib koʻrdingizmi?
Bitta sinfda 37-38 ta oʻquvchi taʼlim oladi. 45 daqiqa ichida oʻquvchini davomat qilish, oʻtilgan darsni takrorlash va mustahkamlash, yangi mavzuni tushuntirish hamda oʻquvchilarni baholash kabi ishlar amalga oshiriladi. Lekin bu vaqt oraligʻida maktabdagi boshqa kuzatuvchilar sinfga kirib qolishi yoki oʻquvchilar orasida muammoli vaziyat tugʻilib, oʻqituvchining dars oʻtishiga halaqit qiluvchi omillar yuzaga kelaveradi. Ayb oʻqituvchining zimmasiga yuklanadi. Bola maktabga taʼlim olish uchun keladi, tarbiyani esa, oiladan oladi. Oilasida yaxshi tarbiya koʻrgan bolaga maktabda oʻqituvchi taʼlim berishga ham qiynalmaydi.
Maktab oʻquvchisi 8-9-sinflarda tahsil olayotgan paytidan boshlab, oliy taʼlimga oʻqishga kirish uchun maktabdan chiqib, qoʻshimcha darslarga qatnay boshlaydi. Buning sabablaridan biri sifatida 40 ga yaqin oʻquvchi bir sinfda tiqilib olib, 45 daqiqa ichida nima sodir boʻlayotganini anglamay oʻtib ketayotgan achinarli holatni keltirish mumkin. Toʻgʻri, oʻz kasbining fidoyisi boʻlgan ustozlar ham bor, yaxshi baholarga oʻqiyotgan bolalar ham bor. Lekin ular juda kam.
Hozirgi kunda yurtimizning koʻplab hududlarida qurilishlar, taʼmirlanishlar jadallashib ketgan. Yangidan yangi uylar, binolar, oziq-ovqat doʻkonlari, xizmat koʻrsatish shahobchalari qad rostlayapti. Kerak boʻlsa, ular qisqa va tez fursat ichida foydalanishga topshiriladi. Ammo siz koʻrdingizmi, maktab qurilayotganini, bolalar uchun bogʻchalar qurilayotganini. Qurilayotgan boʻlsa ham ular qancha vaqtda foydalanishga topshirilayapti.
Xalq taʼlimi vazirligi tashabbus qilib, chekka hududlarda uzoqqa qatnab qiynalib oʻqiyotgan bolalar uchun, shu chekka aholi uchun kichikroq boʻlsada maktab binosi qurdirsa, qanday yaxshi ish boʻlardi.
Qolaversa, bitta sinfda 20 ta oʻquvchi taʼlim olsin. Toʻgʻri, bu masalada avval ham muhokama boʻlgan. Unga koʻra byudjet masalasi muammo ekanligi aytilgan. Boshqalarning fikrini bilmadim-u aynan men byudjetni birinchi taʼlimga sarflashdan boshlasin, undan ortganiga qilsin qurilishlarni degim keladi. Chunki maktab va taʼlim sohasini rivojlantirish haqidagi gap necha yillardan buyon muhokama boʻlib, undan nariga oʻtmayapti.
Qoʻshimcha darsga qatnashtirish uchun hamma oilalarning ham qurbi yetavermaydi. Maktabda oʻquvchi yetarli bilim olishi uchun bilimi kuchli pedagoglarni koʻpaytirish va sinfdagi oʻquvchilar sonini kamaytirish, yaʼni bitta sinfni ikkita sinfga aylantirish kerak. Qoʻlida birgina mel bilan sinfxonaga kirib oʻquvchilarga mahorat bilan dars oʻtib ketadigan pedagoglarimiz bor.
Hatto savodsiz oʻquvchilarni darsdan soʻng olib qolib alohida shugʻullanib, ularning savodini chiqargan fidoyi ustozlarimiz bor. Rivojlangan mamlakatlarda ham yagona maktab formasi joriy qilingan, bizda bu masala haliyam oʻz yechimini topmagan. Birgina shu masala hali ham muammoligicha qolgan ekan, yuqorida taʼkidlaganimizdek, maktab qurilishlari haqida umuman gapirmay turish kerakmikin, deb ham oʻylaydi kishi. Kelajak uchun bugundanoq harakat qilish, taʼlimni isloh qilishni paysalga solmaslik fursati keldi. Chunki shu maktablarda oʻqiyotgan har bir bola jamiyatimizning ertangi kuni qanday boʻlishini belgilaydi.
Maktabda 11 yil taʼlim olgan bolalar har tomonlama yetuk va barkamol boʻlib ulgʻaysa, ular yoʻllarni ravon qilishi, baland-baland imoratlar qurishi, rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan har sohada bellasha olishi mumkin. Shunday ekan farzandlarimizning komil inson boʻlib ulgʻayishlari uchun har bir muammoga yechib topib, har bitta masalani oʻz oʻrnida oʻrganib, uni odilona hal qilishga kirishaylik.
Taʼlim tizimi islohotlashgan holda yangilansa, repititorlar maktabi vujudga kelsa, diplomi chang bosib qolgan qancha-qancha bilimli pedagoglar bor ular ham ishlashga haqli emasmi?! Qaysidir hududlarda oʻquv markazlarining faoliyati bor, lekin ularning soni kam.
Xalq taʼlimi vazirligi bitta sinfda oʻqiydigan bolalar soni muammosini va maktablar sonini koʻpaytirish masalasini hal qilish tashabbusi bilan chiqishiga umid qilib qolamiz. Zero, kelajak bugundan boshlanajak.
Rohila Rajapova, filolog