«Fotosessiya 70 ming». Toshkent botanika bogʻida suratga olish mumkin emasmi?

Guvohi boʻlayotganimizdek, oxirgi bir necha yillikda ochiqlik siyosati yana-da yuksalmoqda, jurnalistlar oʻz soʻziga, qalamiga ega boʻlib bormoqda, biroq baʼzi nomaqbul cheklovlar, toʻsiqlar ham uchrab turgani bor gap.

Koʻp hollarda faoliyatimiz doirasida turli fotoreportajlar, suratlar olishimizga toʻgʻri keladi, ammo doim ham bu murodimizga yetavermaymiz. Sababi, suratga olish bilan bogʻliq toʻsiqlarning baʼzi masʼul tashkilotlar va idoralar tomonidan nomaqbul tarzda koʻpligidir.
Prezidentning 6.02.2018 yildagi PQ-3509-son qaroriga muvofiq, quyidagi hollarda suratga olishga ruxsat etilmaydi:

• xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harbiy xizmatchilari va xodimlarini, ularning roziligisiz;

• qurol-aslaha, harbiy texnika va harbiy-texnik mol-mulk, shuningdek Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, MXX va Milliy gvardiya boʻlinmalarining tezkor va jangovar xizmat faoliyatini;

• Davlat chegarasida oʻrnatilgan chegara belgilari, muhandislik-texnika vositalari, binolar, inshootlar va boshqa obʼektlarni, shuningdek chegara organi boshligʻining ruxsatisiz chegaradosh davlatlar hududini;

• chet davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari hamda xalqaro tashkilotlarning hududi, binolari va inshootlarini;

• belgilangan suratga olish rejimini buzgan holda obʼektlarni.

Biroq baʼzi davlat tasarrufidagi koʻngilochar maskanlarda, bogʻlarda ham ushbu cheklovni koʻryapmiz, yana shuni eslatib oʻtmoqchimizki, bu faqat foto kamera bilan bogʻliq cheklov, telefonlarda olingan suratlar bundan mustasno.
Yaqinda «Tashkent city» sayilgohiga kirishda shu bilan bogʻliq muammoga duch keldim, ancha tekshirishlar, soʻrovlardan soʻng olgan suratlarim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalsa, javobgarlikni boʻynimga olish vaji bilan ruxsat berishdi.

Yana shunga oʻxshash bir holat guvohi boʻldim. Bu Akademik F.N Rusanov nomidagi Toshkent botanika bogʻiga kirishda sodir boʻldi. Foto kamera bilan kirib, fotosessiya uchun 70 ming soʻm miqdorida pul tshlashim kerakligini aytishdi, biroq ichkariga kirib, bir nechta fotograflarning suratga olib yurganini koʻrdim, masalaga oydinlik kiritish uchun ular bilan suhbatlashib koʻrdim va hech qanday toʻsiqsiz oʻtishgani haqidagi maʼlumotni oldim. Nega, cheklov faqat jurnalistlar uchun, «biznes» qiluvchilarga esa darvoza lang ochiq.

Mazkur holat boʻyicha bogʻ maʼmuriyati bilan bogʻlanganimizda, «Hamma kelib, tala-toʻp boʻlib ketmasligi uchun pullik qilganmiz, jurnalistlarga doim ochiqmiz», degan javobni oldik.

Yana bir eʼtirozlarga, muhokamalarga sabab boʻladigan holat bor, bu ham metro bekatlarida suratga olishning taʼqiqlanganligi. Toʻgʻri, bu taʼqiq 2018 yildayoq olib tashlangan, lekin metrolarda doim ham bunga amal qilinmaydi. Kuni kecha bu bilan bogʻliq muammoga duch keldim, «Abdulla Qodiriy» metro bekatida bir necha holatda suratga olaturib, metro xodimining eʼtiroziga duch keldim, «gapni koʻpaytirmaslik» vaji bilan ularni oʻchirdim.

Aslida bu cheklovlar bilan nimaga erishish mumkin, balki buning uchun ham tahririyatdan ikki enlik xat yoki oddiy fuqarolar uchun litsenziya joriy qilish kerakdir?!

Shu oʻrinda masʼul tashkilotlardan har xil oʻzlaricha toʻqib chiqarilgan taʼqiq va cheklovlarni yana bir taftish qilishlarini soʻraymiz.

Zayniddin Norquvvatov