Oldinroq Chiroqchi tuman hokimligi DXX xodimlarining xizmat uyiga 87,7 mln so‘m miqdorida pul ajratganligi haqida maʼlumot bergandik, biroq sal o‘tmay bu qaror bekor qilinibdi, sababi esa hozircha nomaʼlum.
Hatto bu to‘g‘rida xabar bergan Nasafnews.uz hududiy nashridan ham o‘chirish talab qilingan.
Axir tinchlik posbonlarining moddiy texnik bazasi haqida gapirib turganimizda bu nechog‘li o‘rinli qaror?!
Yaqinda chiqqan xabarlarga ko‘ra Qarshidagi Mulla To‘ychi Toshmuhammedov nomidagi teatrga 17 mlrd so‘m ajratilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq “O‘zbekiston24” telekanalida efirga uzatilgan reportajga ko‘ra, 7 mlrd so‘m miqdorida pul ajratilgani taʼkidlangan, bu haqda esa rasmiy manbalarda hech qanday aniq maʼlumot yo‘q.
Ajablanarlisi shundaki, shu miqdordagi mablag‘ ajratilib, teatrning tantanali ochilishi o‘tgandan so‘ng ham yana 1,5 mlrd so‘m pul ajratilgan.
Aytingchi, milliardlab pul sarflanib, u bilan ham “tom-tirqishi” bitmay, kamiga yana 1,5 mlrd sarflanib turgan joyida arzimagan 87,7 mln “chiqim”ning bekor qilinishi g‘alati emasmi?
Bu bo‘yicha rasmiylar qo‘shimcha maʼlumot berishlarini kutamiz va, albatta, bu mavzu yana bizning obektimiz bo‘ladi.
Zayniddin Norquvvatov