Samarqandlik jurnalist Umid Soriyev Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidga jiddiy videomurojaat bilan chiqdi. Ushbu murojaatni jurnalist oʻzining facebookdagi sahifasida joylashtirgan.
Jurnalist bugungi kun adabiyoti, uyushmaning faoliyati haqida kuyunib gapirgan.
«Tong saharda Sirojiddin Sayyid degan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi akamizning bir sheʼrlarini oʻqidim. Shunday shigʻir yozibdiki, endi u kishi, toʻgʻrisi, adabiyotning kuni kimlarga qoldi-ya, degan bir oʻy-xayollar kechdi xayolimdan, azoblandim, qiynaldim», deydi jurnalist.
Albatta, bu sheʼr hammaga tanish, hammaga maʼlum bir sheʼr. Uni qaytarish yoki kimgidir mana deb dastak qilishning keragi yoʻq.
«Adabiyot yashasa, millat yashaydi», degan ulugʻ bir soʻz yodimga tushdi. Uni Qahhordek domlalarimiz, qancha-qancha Qodiriylar, Choʻlponlar ulardan oldingi davrlarda, yana qancha qancha avlodlarimiz, ajdodlarimiz aytib ketgan. Buni avlodlar eshitgan, oʻqigan, undan keyingi avlodlar, keyingi-keyingi avlodlar ham eshityapdi, mana. Endi bir narsaga hayron qolamanda: Inson shunchalik darajada tuban ketishi mumkinmi? Nafs uchun, manfaat uchun, mavqe uchun! Yaxshisi, Yozuvchilar uyushmasi raisligini tashlab keting! Agar sizga shunchalik malol kelayotgan boʻlsa? Shuni yozish siz uchun sharafmi, Sirojiddin aka, sharafmi? Nahotki vijdoningiz qiynalmaydi?..» deya savollarni qoʻygan Umid Soriyev.
Jurnalist asosan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisini maddohlik qilib sheʼr yozishda ayblab fikr bildirgan.
«Sirojiddin aka, adabiyot kasb emas bu, adabiyot Alloh yuqtirgan neʼmat», deya taʼkidlaydi murojaatida.
Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi yaxshi ishlamayotgani, haqiqiy ijodkorlar eʼtibordan chetda ekanligi haqida ham gap boradi. Bir qator qalami oʻtkir adabiyot ahli hanuzgacha uyushmaga aʼzolik guvohnomasini olmagani ham taʼkidlab oʻtilgan.
«Biz ziyoli inson boʻlishimiz kerak, ziyonli inson emas… Biz millatning maʼnaviyatini tortib olishga, birovning oʻrnidan gapirishga haqqimiz yoʻq», deya murojaat qiladi jurnalist.
Jurnalistning murojaatida jon bor, albatta. Mana yillarki adabiyotimizda aytarli asarlar yozilmadi. Biror bir zalvorli asarni nashr qilishda uyushma jonbozlik koʻrsatgan emas. Faqat tadbirbozlik, olqishli satrbozlik bilan ovora. Maddohlik qilganlar qoʻsha-qoʻsha uy-joyga ega boʻlmoqda, Nabijon Boqiy kabi qalami oʻtkir ayrim ijodkorlar hamon bir boshpanaga muhtoj.
Tarjimonlar oʻta qarovsiz holatda. Ular oʻz tarjimalari uchun pullarini olisholmay sarson. Yaqinda uyushmaning eshiklariga qulf osilgani, faqatgina maxsus kalit egalarigina u yerga kirish huquqiga ega boʻlgani haqida yozib chiqishdi. Axir Yozuvchilar uyushmasi eshigi har bir ijod ahli uchun, har bir kitob ixlosmandi uchun ochiq boʻlishi kerak emasmi?
Balki ushbu murojjatdan kerakli kishilar oʻziga yetarli saboq olar. Balki yaqin orada adabiyot ahlida ham jiddiy oʻzgarishlar yuz berar. Balki chinakam adabiy muhit qaytar.
Balki, balki…