Chiroqchida COVID-19 poliklinikasida ishlagan tibbiyot xodimlari sarson qilinmoqda (Video)

Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi Odil Shaymanov viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Ravshan Toʻlakov oʻqishda ekanligi uchun COVID-19 poliklinikasida ishlagan shifokorlarning qoʻshimcha ish haqlari toʻlab berilishida muammo boʻlayotganini maʼlum qildi.

Gap shundaki, «Nasafnews» muxbiriga Chiroqchi tumanidan bir guruh shifokorlar shikoyat bilan chiqdi. Holatni oʻrganish uchun borgan nashr muxbiriga peshvoz chiqqan tuman tibbiyot birlashmasi rahbari vaziyat yuzasidan intervyu berishni istamadi va shifokorlarga qoʻshimcha ish haqi ajratish bevosita viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi aralashuvi bilan hal boʻlishini aytdi.

Shifokorlarga mehnati nega eʼtiborga olinmayapti?

«Nasafnews»ga shikoyat bilan chiqqan 20 nafarga yaqin tibbiyot xodimlarining aytishicha, 2021 yilning yoz oyida COVID-19 poliklinikasi tashkil qilingan. Poliklinikada koronavirus kasalligiga gumon qilingan va bu kasallik alomatlari bor bemorlarga tunu kun tibbiy xizmat koʻrsatilgan. Ammo mana 3 oyga yaqinlashyaptiki, xodimlarning 6 foizlik qoʻshimcha ish haqlari berilmayapti.

«50 yildan buyon yuqumli kasalliklar shifokori boʻlib ishlayman. Oʻtgan yilda Chiroqchi tuman tibbiyot birloashmasiga qarashli tuman markaziy poliklinikasida COVID-19 guruhi tuzildi. Biz shifokorlar kechayu-kunduz mana shu guruhda navbatchilikda turib, bemorlarni qabul qildik. 2020 yilda koronavirus bilan xastalanib murojaat etgan bemorlar nisbatan koʻp boʻldi. Ayniqsa, yoz faslida virus kuchayib, kasallanish xavfi nihoyatda ortdi. Shunda ham shifokorlar, hamshiralar, kichik tibbiyot xodimlari ish joylarini tashlab ketishgani yoʻq. Bizga ishdan tashqari navbatchiligimiz va virus yuqtirganlar bilan muloqotda boʻlib ishlaganimiz uchun ish haqimizga qoʻshimcha ravishda yana 6 foiz haq toʻlanishi belgilangan edi. Ammo, mana yaqinda yil tugaydi hamki berilgan vaʼda bajarilmayapti. Shaxsan oʻzim tashkil qilingan «Mobil birigada» da kechayu-kunduz tinim bilmay ishladim. Kasallikning yengil turiniyam, oʻrta ogʻir va ogʻir turlariniyam davolashga, zarurat tugʻilganda esa markaz Qarshi shahri va qoʻshni tumanlarga qatnashga ham toʻgʻri keldi. Bu pullar Qashqadaryo viloyat SEOM tomonidan berilishi aytilgan edi, ammo salkam ikki yildirki toʻlab berilgani yoʻq. Berilishi aytilgan va vaʼda berilgan qoʻshimcha ish haqlarimizni toʻlab berilishini soʻraymiz», – deydi shifokorlardan biri Nurmamat Boyqarayev.

«Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasida 22 yildan buyon hamshira boʻlib ishlayman. 2020 yilda 4 oy davomida, 2021 yilda 2 oy davomida 20-22 kishi boʻlib, yuqorida aytilgan guruhda ishladik. Kasallik avj olgan paytlari bizda 100 dan ortiq bemorlar murojdaat qilib kelishdi. Shaxsan oʻzim shifokorlar bilan ularni qabul qilganman. Kerakli davo muolajalarini ham yoʻlga qoʻyganmiz. Lekin mana 2021 yil yakuniga yetayapti hamki, bizga vaʼda qilingan qoʻshimcha ish haqlari toʻlab berilgani yoʻq. Talabimiz belgilangan pullar toʻlab berilsin»,- deydi Muhabbat Qodirova.

Shifokorlardan biri Bahodir Berdirayimovning aytishicha, 6 foizlik qoʻshimcha ish haqlari shifokorlarga 2 mln 500 ming soʻm, hamshiralarga 2 mln soʻm, oʻrta tibbiyot xodimlariga 1 mln soʻmdan belgilangan.

Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi bosh hisobchisi bu holatni inkor etmadi va tez orada ish haqlari toʻlab berilishini maʼlum qildi.

«Maxsus poliklinikada ishlovchi xodimlarni iyul, avgust oyidagi ish haqlari kechikish sabablari bor. Biz bu poliklinikada ishlagan xodimlarning barcha hujjatlari va ish haqlarini hisoblab viloyat SES ga topshirganmiz. Bu ish haqlari beriladi. Faqat ozroq vaqt talab qilgani uchun shu kungacha choʻzilib kelmoqda», – deydi hisobchi Elyor Begimov.

«Nasafnews» muxbiri Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi Odil Shaymanovning vajlari yuzasidan Qashqadaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nuriddin Egamov bilan bogʻlandi.
U haqiqatdan ayni paytda boshqarma boshligʻi Ravshan Tulakov oʻqishda ekanini maʼlum qildi va COVID-19 poliklinikalarida ishlagan xodimlarga ish haqi toʻlash murakkab jarayon ekanini aytib oʻtdi.