Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazilishi mumkin, bu nimani anglatadi?

Oʻzbekistonning amaldagi Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritilishi, yaʼni takomillashtirilishi mumkin.

Yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimiga kirishishga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida shu haqida toʻxtaldi.

«Barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan bugungi kunda hayotning oʻzi, islohotlarimiz mantigʻi talab etayotgan yana bir muhim taklif ilgari surildi. U ham boʻlsa, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat» dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, tub burilish davrida koʻpgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini koʻramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini oʻrganib, puxta oʻylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham koʻrib chiqishimiz kerak», deya qayd etdi mamlakat rahbari.

Bu keyingi besh yillikda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritilishi yoki Konstitutsiya butunlay yangitdan qabul qilinishi mumkinligini anglatadi.

Eslatib oʻtamiz, hozirgacha Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 11 marta turli oʻzgartirish, qoʻshimcha va tuzatishlar kiritilgan (Oʻzbekiston Respublikasining 2003 yil 24 aprel, 2007 yil 11 aprel, 2008 yil 25 dekabr, 2011 yil 18 aprel, 2011 yil 12 dekabr, 2014 yil 16 aprel, 2017 yil 6 aprel, 2017 yil 31 may, 2017 yil 29 avgust, 2018 yil 15 oktyabr, 2021 yil 8 fevralda qabul qilingan tegishli qonunlari asosida).