Ob-havo haroratining sovib borishi bilan aholining isitish vositalarilariga bo‘lgan talabining ortishi, shubhasiz. Biroq bu yilgi kuz-qish mavsumida ham aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlari davom etmoqda.
Yil boshidan oktyabr oyiga qadar 96 kishi is gazidan zaharlanib vafot etgan. Bu esa 96 ta kishining hayoti yakunlanganini anglatadi. Qo‘rqinchi raqam!
Aynan is gazi natijasida yuzaga kelgan fojiali voqealarni eslaydigan bo‘lsak, 2021- yilning 27 -fevral sanasida Yunusobod tumanidagi xonadonda ijara asosida yashab kelgan 5 nafar andijonlik talabalar murdasi topilgan.
2021- yil 28 -mart kuni Samarqand shahrida is gazidan 5 kishi zaharlanib, ulardan to‘rt nafari vafot etgan. Achinarlisi, halok bo‘lganlardan biri 2004 -yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bola bo‘lgan.
Joriy yilning 16-26- oktyabr oralig‘ida Samarqand viloyatida to‘rtta holatda 8 kishi vafot etgan. Misol sifatida 30- oktyabr kuni Samarqand viloyati Urgut tumani Chumchuqli mahallasida yashovchi ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazi natijasida vafot etgan.
Mana shunday mudhish voqealardan xabar topganda jabrlanganlarga achinamiz. Ehtimol ular ham o‘zidan oldinroq halok bo‘lganlarning ahvolini eshitib biz kabi holatga tushgan bo‘lishi mumkin. Bugun esa…
Qish mavsumi yaqinlashgan sari OAVlarda, shuningdek, tegishli xodimlar tomonidan isitish tizimlarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish kerakligi bot-bot takrorlanadi, biroq birgina xabarga e’tiborsiz bo‘lish bugun kimnidir hayotiga nuqta qo‘yishini hech kim tasavvur qila olmaydi.
Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyoda is gazidan zaharlanish tufayli sodir bo‘ladigan o‘lim holatlari alkogoldan zaharlanish sababli kuzatiladigan o‘limlardan keyin ikkinchi o‘rinda turar ekan.
O‘tgan 2020 yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari orqali 633 nafar bemor gospitalizasiya qilinib, shundan 14 nafar bemorda o‘lim holati kuzatilgan. Bu ko‘rsatkichga uyida, ya’ni voqea joyida vafot etganlar soni kiritilmagan.
Is gazidan zaharlanish holati bo‘yicha o‘lim holatlarining ko‘payishi qachon to‘xtaydi?! Bu savolga kelganda aholini qo‘ya turing, mas’ul xodimlarning o‘zi ham hech narsani bilmasligi aniq. Hali voyaga yetmasdan o‘lib ketayotgan bolalarning yoki bo‘lmasa butun boshli oilaning halok bo‘lishida kimni ayblashni ham bilmaymiz. Aslida odamlarda ham ayb bor, lekin ular nima qilsin? Majburlikdan tappi, ko‘mir yoqib bir kunini o‘tkazib yurganligi sir emas.
Nima bo‘lganda ham barcha fuqorolardan isitish vositalaridan foydalanishda befarq bo‘lmasligi haqida ogohlantirib o‘tamiz. Zero, «O‘zini asraganni Xudo asraydi» deganlari ham bejiz emas, albatta!
Laylo Esanmurodova