Qobul Tursunov ishdan ketish oldidan nimaga buncha katta pul ajratdi?

8 noyabr kuni oʻz arizasiga koʻra vazifasidan ozod etilgan Navoiy viloyati sobiq hokimi Qobul Tursunov ketishi oldidan farmoyish chiqarib, bir qator tashkilotlarga jami 22 mlrd 491 mln soʻm mablagʻ ajratgan. Bu haqda «Kun.uz» xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, hokim imzolagan farmoyishda Yoshlar markazi binosini taʼmirlashdan tortib, «Aholi dam olish maskani»ni qurish-taʼmirlash ishlarida yuzaga kelgan qarzdorliklarni qoplash uchun ham mablagʻ ajratilgani maʼlum boʻlgan.

Mazkur farmoyishga koʻra, eng katta summa, yaʼni 8 mlrd 23 mln soʻm mablagʻ viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga ajratilgan. Xususan, sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi uchun 4 mlrd 23 mln soʻm, yangi tashkil etiladigan oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinikalarni taʼmirlash xarajatlari uchun 1 mlrd soʻm hamda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda qoʻllaniladigan dori vositalarini sotib olish xarajatlari uchun 3 mlrd soʻm pul berilgan.

Avvalroq, Navoiy viloyatiga yangi hokim tayinlangani haqida xabar qilgan edik.