Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari AJ maʼlumotiga koʻra, viloyatining 10 ta hududida har kuni elektr taʼminotida cheklovlar joriy qilindi.
Qayd etilishicha, bugundan Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor, Dehqonobod, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabogʻ, Kitob, Nishon, Muborak tumanlari va Shahrisabz shahri uchun Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari AJ tomonidan soat 17:18 dan elektr taʼminotida cheklovlar joriy etiladi.
«Shu elektr muammosini hal qilib beringlar. Aloqa ham uzilib qolyapdi. Oʻzlaringiz ham bilasizlar, qish-qirovli kunlarda elektrsiz hayot butunlay toʻxtab qoladi. Qayerga murojaat qilishni bilmasdan sizlarga yozyapmiz», — deya xabar qildi murojaatchilarimizdan biri.
Oʻzbekiston respublikasi energetika vazirligi 27 mayda oʻtkazilgan bajarilgan ishlar yuzasidan jamoatchilik eshituvida «yil yakuniga qadar elektr energetika sohasida generatsiya quvvatlari hajmi 14 ming megavattdan 15 ming 800 megavattgacha yetkaziladi yoki 1 ming 800 megavattga oshiriladi. 2016 yilga nisbatan esa 52 foizga koʻp generatsiya quvvatlariga ega boʻlinadi», deya vaʼda bergan edi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirilishi evaziga oktyabr-mart oylarida isteʼmolchilarga jami 30 milliard 800 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazilishi haqida aytib oʻtilgandi. Shuningdek, bu oʻtgan yilgi mavsumga nisbatan 2 milliard kilovatt-soatga yoki 107 foizga koʻp ekanligi haqidagi balandparvoz gaplar aytilgan edi.
Vaʼdalar esdan chiqib qolmadimikan?
Ogoh.uz Qashqadaryo viloyatidagi aholi vakillariga qoʻngʻiroq qilib holat boʻyicha oʻrganish olib bordi. Aholi vakillarinig soʻzlariga koʻra, viloyatning aksar tumanlarida har 4-5 soatda bir soat davomida elektr energiyasi berilmoqda.
Beixtiyor qiziq bir savol tugʻiladi. Viloyatning bir tumanida tugʻilib oʻsgan, shu yer havosidan nafas olib ulgʻaygan inson hokim boʻlgan hududda nega bu kabi cheklovlar yuzaga keldi? Axir, hokim sifatida emas, inson sifatida Murodjon Azimov yaqinlari va viloyatdoshlari yuziga qanday qaray oladi?
Prezidentimiz ushbu shaxsga ishonch bildirar ekan, nahotki viloyatning mavqeyini koʻtarishga emas, balki, nufuzini tushirib yuborishiga eʼtibor qilmadilarmikan?
«Loʻlidan botir chiqsa, oʻz elini chopadi» yoki «Oʻzingniki oʻzagingni kesadi» deganlari, nahotki, bu yerda oʻz isbotini topmoqda. Zoyir Mirzayev hokimligi davrida bu kabi cheklovlar mavjud emasdi, elektr muammosi ham bunchalik darajada kam berilmas edi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, oddiy xalqqa nisbatan bu bir adolatsizlik emasmi? Hali sovuq kunlar oʻz hukmini oʻtkazmasidan turib, cheklovlar oʻrnatish uchun inson qanchalik toshyurak boʻlishi kerak?
Murodjon Azimov viloyatga rahbar boʻlib kelganida suyungan xalqning koʻnglini bunchalik oʻksitmang, aziz rahbarlar. Xalqning ishonchini poymol qilmanglar. Hurmatli prezidentimiz «Hammasi inson qadri uchun», degan soʻzlar zamirida yomon taasurotlar uygʻotishga majbur qilmang!!!