Oʻzbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov vafot etdi

Oʻzbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari hamda “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni sohibi Baxtiyor Ixtiyorov 81 yoshida vafot etdi.

Bu haqda Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi xabar bergan. Shuningdek, uyushma uning vafoti munosabati bilan marhumning oila aʼzolari, yaqinlari va butun ijod ahliga hamdardlik bildirgan.

Baxtiyor Ixtiyorov sermaxsul ijodi davomida “Yor-yor”, “Ajoyib hayolparast”, “Oʻtgan kunlar”, “Nodirabegim”, “Yettinchi jin”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Yettinchi oʻq”, “Shum bola” kabi juda koʻplab filmlarda ajoyib rollarni ijro etishi bilan bir qatorda oʻzbek teatr sanʼati rivojiga ham munosib hissa qoʻshdi. Marhum 1956 yildan to 2009 yilga qadar turli yillarda Buxoro musiqali teatri, Muqimiy nomidagi musiqali teatri, “Yosh gvardiya” teatri hamda Satira teatri sahnalarida yuzdan ortiq esda qolarli obrazlarni gavdalantirdi, rejissyor sifatida xalqqa manzur spektakllar sahnalashtirdi va koʻplab shogirdlar yetishtirdi.