IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish osonlashtiriladi

AKTni rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yaqin kelajakda amalga oshirilayotgan loyihalar qatorida mobil telefon raqamlarini koʻchirish tizimi loyihasi ham borligini maʼlum qildi.

“IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini isteʼmolchilar uchun yanada osonlashtirish yoʻllarini topish va fuqarolar xizmatlardan oson va qulay foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak”, – deydi vazir.

IMEI mavzusida bungacha ham juda koʻp chiqishlar qilganman (1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10, 11, 12). Yana bir bor bu mavzudagi pozitsiyamni bildirmoqchiman:

➖ “Yoʻqolsin, IMEI tizim!” degan koʻr-koʻrona chaqiriqlarga qoʻshilmayman. Chunki, tan olishimiz kerak, IMEI tizimining foydasi katta. Telefonlarni qonuniy roʻyxatdan oʻtkazish, byudjetga soliq tushumining bir necha oʻn baravar oshishiga yordam bermoqda;

➖ Ammo bu tizim texnologik toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan va byurokratik cheklovlar hamda noqulayliklardan iborat. Aslida tizim oʻta sodda va qulay boʻlishi, shunchaki roʻyxatdan oʻtkazish prinsipida ishlashi kerak. Bundan tashqari ushbu tizim natijasida chegaradan oʻtgan fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini (pasport nusxalari) sotish biznesi boshlanib ketdi va haligacha davom etmoqda. Bunga qarshi biror jiddiy chora koʻrilmadi;

➖ Va eng asosiysi bu tizim tekin boʻlishi kerak. Soliqchilar, chegarachilar, bojxonachilar va boshqa masʼul tashkilotlar oʻz ishini yetarli darajada bajarmayotgani uchun xalqqa “Telefon coligʻi” solish hech bir mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Chunki IMEI tizimi shundoq ham byudjetga bir necha yuz milliard foyda olib kelyapti va yana xuddi shunaqa yuz milliard pul xalqdan yigʻib olinmoqda. Sal insof boʻlishi kerak-ku.

Eng qizigʻi [koʻzboʻyamachilik uchun ochilgan] “Mening fikrim” portaliga IMEI tizimi toʻlovini bekor qilish haqida petitsiya qoldirilgan va 25 mingga yaqin ovoz olgan boʻlsa ham, lekin amalda hech narsa oʻzgarmadi.

Ayrim deputatlarimiz bu pulni oqlab, “toʻlov tadbirkorlardan olinyapti, xalqdan emas” degan kulgili maqolalar yozib yurgan boʻlsa ham, lekin xalq ahmoq emas. Telefon uchun qoʻshimcha xarajat qilgan tadbirkor bu xarajatni xaridorlar gardaniga yuklaydi va oxir-oqibat baribir xalq toʻlaydi bu pulni. Bu oddiy haqiqatga koʻpchilikning aqli yetadi.

P.S.: albatta yangi vazir toʻlovni bekor qilish yoki kamaytirishni oʻylamasligi va bunga harakat ham qilmasligi mumkin. Chunki tayyor kelib turgan yuz milliardlab pul hammaga kerak. Lekin baribir bu “soliq” adolatsizlik. Fikrim shu.

Xushnudbek Xudoyberdiyev