“Xoʻjam koʻrsin” kampaniyabozligidan qachon qutulamiz?

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Hurmatli soha rahbarlari, ertaga 25.11.2021. kuni Bosh vazir oʻrinbosari Shuhrat Madaminovich vertolyotda sektor rahbarlari bilan birga uchadi. Shu munosabat bilan hamma muassasa va tashkilotlarda “Yashil makon” loyihasi boʻyicha daraxtlar koʻchatlari ekilishi kerak. Hamma harakatda boʻlsin. Hozirdan koʻchatlarni tayyorlang. Bu shaxsan hokim topshirigʻi” deya yozilgan xabar tarqaldi.

Oliy maqomdagi rahbarga “mana hamma ishlab yuribdi”, deb koʻrsatib “achko” ishlamoqchi boʻlganlardan biri bu. Shu kunlarda oʻzi hamma daraxt ekib, rasmini joylash bilan band boʻlib qoldi. Kimlar ekkan daraxtni bir uchini ushlab rasmga tushmagan amaldor qolmadi hisob.

Shu va shunga oʻxshash holatlar doimiy ravishda takrorlanib kelmoqda. Bunday koʻzboʻyamachiliklar bilan aslida rahbarlarni emas, balki oʻzimizni aldayotganimizni qachon tushunib yetamiz? Jamiyat rivojlanishi hamda yurt taraqqiyoti uchun xizmat qilishni bunday niqob bilan koʻrsatish uchun odam vijdonini yoʻqotgan boʻlishi kerak. Nahotki amal kursisida oʻtirgan yuqoridagidek buyruqlarni kiprik qoqmasdan buyurayotgan amaldorlarda vijdon hissi boʻlmasa? Axir oʻz vazifasini suisteʼmol qilish emasmi bu? Bu qilinayotgan ishlar bir kunlik emas, bir umrga tatiydigan boʻlishi lozim. Buning uchun esa, shosha-pisha rahbar kelishidan oldin uning koʻzi tushadigan joylarni koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish emas, maʼlum bir reja hamda dasturlar asosida pishiq, puxta ishlash talab etiladi.

Kuni kecha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent davlat texnika universitetining 54-talabalar turar joyini borib koʻrgani haqida bong urildi.

 Ayrim veb-saytlar “kutilmagan mehmon” sarlavhasi ostida ushbu xabarni eʼlon qilishdi. Vaholangki suratlardan “kutilmagan mehmon”ning aslida qanday kutilgani maʼlum edi. Talabalar yotoqxonasida yangi qozonlar, choynaklar va hamma narsa yangilangan. Tashrif uchun puxta tayyorgarlik koʻrilganligini sezish qiyin emas.

Shavkat Mirziyoyev Yangi Oʻzbekiston gazetasiga bergan intervyusida ham bu kabi koʻzboʻyamachilik holatlari hamon barham topmayotganiga toʻxtalib oʻtgan edi. Biroq hamon bu kabi holatlar takrorlanmoqda.

“Afsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan koʻcha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida “Maysazor” va “Gulzor” lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni boʻyab koʻrsatishdek xoʻjakoʻrsin ishlar davom etmoqda. Koʻzboʻyamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga oʻchlik yillar davomida baʼzi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin boʻlyapdi”, — deya taʼkidlagandi Prezident

Shuningdek, misol tariqasida yana bir qancha faktlarni tilga olib oʻtishimiz mumkin. Jumladan, gʻalla mavsumida katta trassalar yoqasidagi bugʻdoylar eng oxirida oʻriladi. Bunga sabab nima deb oʻylaysiz? Bugʻdoylar pishib, yerga toʻkilib ketayotgan boʻlishiga qaramay ular oxirida oʻriladi. Bu esa yoʻldan oʻtgan rahbarlar uchun koʻrgazma vazifasini oʻtaydi. Rejani bajarolmasa, bugʻdoy pishib, toʻkilsa ham mayli, faqat amaldorning obroʻsi toʻkilmasa, boshqalar unga “Barakalla” deb qarsak chalsa boʻldi.

Bizda amal kursisini saqlab qolish niyatida boʻlgan amaldor borki tepadan kelayotgan rahbarni koʻzini shamgʻalat qilishga, “farovon hayot” teatrini sahnalashtirishga urinadi. Tashrifdan avval koʻchalar supiriladi, yangi asfaltlar yotqiziladi. Dov-daraxt ranglanadi, hatto bir safar Shahrisabzda oʻt-oʻlanga qoʻshib, archalarga ham rang sepishgani haqiqat.

Sergeli tumanidagi bir necha tashriflardan soʻng bolalar maydonchalari ustida toʻshalgan sunʼiy oʻtlar ham olib ketilgani bir necha bor muhokama boʻldi. Hatto, Fargʻonada prezident borishidan koʻchalar archa daraxti bilan toʻlib ketgani ham koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak.

Bunday ahmoqona ishlarning hech keti uzilmayotgani, qaysi sohada boʻlsada yoʻq boʻlish oʻrniga ildiz otib borayotgani achinarli hol. Yechim qayerda degan haqli savol tugʻiladi. Yechim, shubhasiz oʻz ishini vijdonan bajaruvchi kadrlarda. Qaysi mutaxasis shaxsiy manfaatlaridan koʻra umumning foydasini ustun deb bilsa, oʻshanda bu muammolar oʻz yechimini topadi. Qachonki taʼlim muassasalariga, xususan, oliy oʻquv yurtlarining talabalar yotoqxonasiga biror rahbar tashrif buyurgandagina paydo boʻlib qoladigan “Qulay shart-sharoitlar” ga yakun yasalsa, oʻshandagina yoshlarga ham oʻrnak boʻladigan rahbarlar ular uchun tarbiya vazifasini oʻtaydi.

Qachonki haqiqat ochiq-oshkora koʻrsatilmas ekan, tashriflar oldindan rejalashtirilmas ekan oʻzgarish boʻlmaydi. Buning uchun ayrim rahbarlarning ongi, qarashlari tubdan oʻzgarishi shart. Zero aytganlaridek “Asling kabi koʻrin yoki koʻringaning kabi boʻl!”.