Ichki ishlar tizimidagi noqonuniy holotlardan norozi xodim Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va uning o‘rinbosari nomiga videomurojaat yo‘lladi. Bu murojaatga sabab esa Toshkent shahridagi ichki ishlar organlari safiga xodimlarni qabul qilishda poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, qog‘ozbozlikning ko‘payib ketganidir.
Murojaat egasi Toshkent shahri tumanlaridan birida ichki ishlar organlarini muvofiqlashtirish bo‘limida uzoq vaqtlardan beri xizmat qilganini aytib o‘tgan, biroq shaxsi va ovozi ochiqlanishini istamagan. Bunga esa oldinroq shu kabi holatda uchastka nozirlari, leytenant va katta leytenantlar murojaat qilganda, ularning o‘zlarini aybdor qilib, ishdan haydashgani sabab bo‘lishi mumkin.
Ichki ishlar vazirligining ishga qabul qilish to‘g‘risidagi nizomiga muvofiq, avvalo ariza topshiruvchi ro‘yxatga qo‘yiladi, undan keyin esa jismoniy tayyorgarlik va psixologik testlardan o‘tiladi. Dastlabki tanlovlarda ijobiy natija ko‘rsatgan nomzodlarning hujjatlari rasmiylashtirilib, sog‘ligi bo‘yicha tibbiy komissiyadan o‘tishga yo‘llanma beriladi. Barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar yakuniy suhbatga qo‘yiladi. Yakuniy suhbatdan yaxshi ball olganlar esa ishga qabul qilinadi.
Ammo murojaatchining aytishi bo‘yicha, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida bu tartib faqatgina tanish bilishi bo‘lmagan, o‘z kuchi bilan ishga kirmoqchi bo‘lgan, pul berish maqsadi bo‘lmagan nomzodlarga taalluqlidir. Tanish-bilishi bo‘lgan, pora berib, ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun esa bu qoidalarning sariq chaqalik ahamiyati yo‘q.
Jismoniy tayyorgarlikni tekshirishdan tortib, yakuniy suhbatgacha, barini kadrlar bo‘limi o‘zining daromad manbaiga aylantirib olgan. Test yoki tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan nomzod ham pul orqali ishga o‘tib ketish holatlari kuzatilmoqda. Yakuniy suhbat olib boruvchi o‘qituvchilar ham pora oldi-berdisida kadrlar bo‘limiga sherik, yaʼni suhbatdan o‘tishi lozim bo‘lgan nomzodlarning ro‘yxatlari oldindan shakllantirilib, ularga suhbat jarayonida katta ball qo‘yiladi. Suhbat jarayoni video tasvirga olinadi, lekin bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Suhbatdan so‘ng biror tasvir qayta ko‘rib chiqilmaydi. 2019 yildan buyon suhbat o‘tkazuvchi o‘qituvchilar tarkibi o‘zgarmagan, har bir o‘qituvchi «ishni bitirgach» ikki ming dollardan ulush oladi. Ishga kirishning umumiy miqdori esa 4-5 ming dollar.
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar qatoriga Ichki ishlar vazirligi ham kirishini bilgan holda IIV vaziri Po‘lat Bobojonovdan ushbu murojaatga rasmiy munosabat kutib qolamiz!
Shahruza Sattorova