Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) 2023 yilda Samarqand shahrida oʻtkaziladigan boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ayni damda Ispaniyaning Madrid shahrida oʻtayotgan UNWTOʻning 24 sessiyasi doirasidagi ovoz berish jarayoni natijalariga koʻra shu haqda maʼlum qildi.
«Shunisi diqqatga sazovorki, tarixda birinchi marta BMT oilasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning Bosh assambleyasi Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi. Bularning bari Prezidentimizning olib borayotgan siyosatlari, turizm sohasini rivojlantirish hamda bu orqali mamlakatimizning jahon sahnidagi nufuzini oshirish yoʻlidagi saʼy harakatlari natijasidir. Taʼkidlash lozimki, UNWTO 25-Bosh assambleyasining qadimiy Samarqandda oʻtkazilishi bu yerga mingdan ortiq xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi hamda bu orqali mahalliy aholi va hunarmandlarning daromad koʻrishiga olib keladi. Bundan tashqari, yuqori darajadagi tadbirning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi jahon ommaviy axborot vositalarining ham eʼtiborini tortishi shubhasiz, bu esa oxir-oqibat mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targʻib etish hamda yurtimizga yanada koʻproq sayyohlarni jalb etish yoʻlida xizmat qiladi», — dedi Aziz Abduhakimov.
Shu oʻrinda qayd etish joizki, Butunjahon turizm tashkiloti va unga aʼzo davlatlar bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarini yanada kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini targʻib qilish maqsadida 30 noyabr-2 dekabr kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasining Ispaniya qirolligiga tashrifi tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda Oʻzbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi UNWTO Bosh assambleyasining 24-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston nomzodini qoʻllab-quvvatlashdi.
Madrid shahrida oʻtgan tadbir doirasida 2023 yilda UNWTO Bosh assambleyasini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston va Portugaliya daʼvogarlik qildi. Tadbir yakuniga koʻra, Oʻzbekiston yaqqol ustunlik bilan aksariyat ovoz toʻplab, 2023 yilgi Bosh assambleyani qadimiy Samarqand shahrida oʻtkazishga kelishildi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Samarqandning turistik salohiyatini yanada yuksaltirish hamda uni dunyo sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish borasida koʻplab ishlar olib borilmoqda, bu yerda obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda yangi zamonaviy aeroport hamda turizm obʼektlari bunyod etilmoqda.
Shulardan biri «Samarkand Touristic Centre» boʻlib, u eshkak eshish kanali qirgʻogʻida 212 gektar maydonda qad koʻtarmoqda. Bu yerda qurilayotgan «New Renaissance» kongress-xolli, mehmonxonalar, restoranlar, dam olish maskanlari, savdo markazlari, amfiteatr, «Mangu shahar» kabi inshootlari hududning sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish yoʻlida xizmat qilishi shubhasiz. Yangi obʼektni 2022 yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, UNWTO Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta oʻtkaziluvchi eng muhim turistik forum boʻlib, bunday yuqori darajadagi tadbir, yaʼni BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasining Oʻzbekistonda oʻtkazilishi birinchi tarixiy hodisadir.