Joriy yil 10 iyun tunda Kattaqoʻrgʻon tumanida IIB YHXB xodimlari tuman soliq idorasi boshligʻi oʻrinbosari Azizbek Ahmedovning oʻlimiga sabab boʻlgandi. Mazkur hodisa OAVda tarqalgach IIV matbuot kotibi munosabat bildirib, soliqchi xodimlarning toʻxtash ishorasiga boʻysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi boʻlganini, soʻng haydovchi mashinani tashlab, piyoda qochishga uringanini maʼlum qilgandi. Yoʻl patrul xizmatchilarining bergan maʼlumotlari ikki xil talqinda aytilgan, qolaversa marhumning yaqinlari ham yoʻl patrul xizmati xodimlarini ayblashgach, ekspertiza javoblaridan keyin, Prokuratura bu ishni sudga oshirgan edi.
6 oy vaqtdan keyin sud matbuot kotibi Aziz Obidovning xabar berishicha aybdorlarga sud hukmi oʻqilgan.
Maʼlum qilinishicha, 3 dekabr kuni, jinoyat ishlari boʻyicha Kattaqoʻrgʻon tuman sudida sudlanuvchilar M. Qoʻchqorov (1987 yilda tugʻilgan, Kattaqoʻrgʻon tumani IIB YHXB boshligʻi lavozimida ishlagan) va SH. Rahimberdiyev (1990 yilda tugʻilgan, Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-otryad katta inspektori lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetgan.
Eʼlon qilingan sud hukmiga koʻra, M.Qoʻchqorov va SH.Rahimberdiyev Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirish) 1-qismi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Sudlanuvchilar 2 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ularning har biriga 2 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilangan.
Yaqindagina maktab direktori 1,5 mln pora olgani uchun 5 yilga qamalgani haqida habar tarqalgan edi. Bugun esa bir fuqaroning shafqatsizlarcha oʻlim topishiga sababchi shaxslar 2 yil 10 oy muddatga qamalayapti. «Inson qadri uchun» shiori yozib qoʻyilgan xonalarda boʻlayotgan adolat shumi? Jabrdiydalar shikoyat qilsa, haqiqatni yuzaga chiqaradigan va hokimiyat va hukumatning noqonuniy harakatlariga baho beradigan sud tizimi qayerda?