Hayda, hayda, haydovchi…

Bugun eng koʻp muhokama qilingan mavzulardan biriga bir qur nazar tashlasak. Davlat rahbarining farmoniga koʻra, 2022 yil 1 martiga qadar tasdiqlangan meʼyorlarga asosan mahalliy byudjet hisobidan hududlarda kamida bittadan tumanlararo patrul-post xizmatlarining boʻlinmasi tashkil etilishi xabar qilingan edi. Ushbu farmon ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻldi. Shu muhokamalar orasida «Har bir tumanda bittadan blok-postlar oʻrnatiladi» mazmunidagi asossiz yoki buzib talqin etilgan xabarlar ham qanot yozdi. Vaholanki, 2017 yilning dekabrida SH. Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va qonunchilik palatasiga qilgan murojaatida viloyatlar orasidagi postlar tugatilishi, ularning ayrimlarigina qolishi haqida xabar bergan edi.

  Respublika miqyosida oʻtgan 2020 yilda jami ikki mingga yaqin kishi YTH qurboni boʻlgan edi. Bu yil yakunida ham ushbu son oshsa-oshadiki, kamaymaydigandek. Kuniga oʻnlab boʻlayotgan YTHlarning oʻzida olti-etti nafardan ziyod haydovchi va yoʻlovchilar, piyodalar vafot etishmoqda. Xoʻsh, bu oʻrinda hammasi ham «qoidabuzar fuqarolar» sabab yuz bermoqdami yoki qoidalarning mukammal emasligi, qonunlardagi kunlik yangilanishlar-u dushanbadagi gap seshanbaga toʻgʻri kelmaydigan qarorlar ham sabab boʻlyaptimikan?

     Toʻgʻri, bugun haydovchilarning faoliyatini yengillashtirishga qaratilgan qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlarning qabul qilinishi ijobiy holat, albatta. Xususan, avtomobillarning orqa, yon oynalariga parda tutishga, avtomobilni boshqarayotgan paytda simli va simsiz quloqchinlardan foydalanishga, televideodasturlarni tomosha qilmaslik taʼqiqi saqlangan holda, old tomonga monitorlar oʻrnatishga,  YTH sodir boʻlgan vaqtda inspektorning ishtirokisiz ham xabarnoma tuzishga ruxsat berilishi, pasport yoki ID-karta yonida boʻlgani chogʻda haydovchilik guvohnomasining talab qilinmasligi – hammasi ijobiy holatlar. Lekin…

  Shunday holatlar ham borki, turib-turib, «yuqori»dagilar xalqning ongi shakllanmay qolgan tuban maxluqlar ekaniga ishonadimikan, deb oʻylanib qolasan kishi. Axir, sogʻlom odamning aqliga kelmaydigan avtomobil old chiroqlarini yoqib yurishi haqidagi fikr (yaxshi hamki, bekor qilindi), rahmatli bobom taʼbiricha, qaysi kun koʻrmaganning tafakkurida adashib qoldi ekan?! Va yoki, avtomobillar oynasini qoraytirishdek «himmati oliy» uchun «armugʻon oʻrnidagi arzimas toʻrt soʻm pul» qora xalqning hamyoniga nainki sarf-xarajat, balki istirohat uchun ham birrovga qoʻnib oʻtmasligi maʼlum emasmi? «Ariqlar toʻla suv, tashnai zorim bolam…» degan yoziq bizning fuqarolarga (nomi oʻzi bilan – faqirlarga) bitgani rost koʻrinadi. Hech qachon ishlamagan, lekin yoʻqligi jigaringni yulib olar darajada jarima olib keladigan sugʻurtalar haqida-ku, gap yo soʻz boʻlishi mumkin emas. Holat qordagi qoradek maʼlum. Yana biz allaqanday «Ferrari»lar-u, «katta baliq uchun katta harakatlar» haqida ogʻiz koʻpirtirar gaplar eshitaveramiz. Holimizga voy…

   Soʻz muxtasari durust, aytiladigan jiddiyroq taklif ham yoʻq. Oʻzimizning xomchoʻtga koʻra, biron yoqlarga «surmoqqa» «Oʻzbekiston havo yoʻllari» oʻz narxlari bilan jiddiy qarshi turibdi. Xayr, bir xayri boʻlar. Holva deganga ogʻiz chuchimasligini vaqti kelib anglashar. Umid uzmaymiz endi.

   Kamoliddin Abduaziz oʻgʻli