Sergeli tumani hokimi oʻzini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi

Тoshkent shahar Sergeli tuman hokimi oʻziga 35 mln soʻm ragʻbat puli berilishi toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Mazkur qaror e-qaror.gov.uz saytida qayd etilgan.

Qarorda keltirilishicha, Xalq deputatlari Sergeli tumani kengashi Toshkent shahar hokimining qator farmoyishlari asosida tuman hokimi Elbek Shukurovning «mehnatda tashabbuskorligini» ragʻbatlantirish maqsadida 2021 yil iyun, iyul, avgust, sentyabr va oktyabr oylari uchun lavozim maoshiga ustama haqi toʻlash uchun 35 mln soʻm mablagʻni tuman mahalliy byudjetning uchinchi chorak daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismi hisobidan tuman hokimiyatiga ajratilishi aytib o’tilgan.

Sergeli tumani moliya boʻlimi ajratilgan mablagʻlar boʻyicha 2021 yil tuman mahalliy byudjeti parametrlariga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi va bosh hisobchisi ajratilgan mablagʻlar maqsadli va toʻgʻri sarflanishi taʼminlashi belgilangan.