Erta tongdan noxush xabar: Surxondaryoda yong‘in sodir bo‘ldi, jabrlanganlar bor

Surxondaryo viloyatidagi savdo majmuasida portlash sodir bo‘lgan. Bu haqda FVV ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 2021 yil 7 dekabr kuni soat 03:57da Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 2 qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida chaqnash sodir bo‘lgan. Natijada savdo majmua binosi devorlari qulab tushgan.

Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 04:02da voqea joyiga yetib borib, chaqnash natijasida sodir bo‘lgan yong‘inni soat 04:25 da o‘chirgan.
Chaqnash natijasida 9 nafar fuqaro tan jarohati olgan bo‘lib, ular shahar shifoxonasiga yotqizilgan.

Shuningdek, hodisa joyiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi safarbar etilgan. Hukumat komissiyasi tarkibiga IIV, FVV, Milliy Gvardiya, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar vakillari kiritilgan.

Xabarda aytilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.