Dunyo boʻylab qamoqxonalardagi jurnalistlar soni 2021 yilda rekord darajaga yetdi. Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (JHQ) hisobotiga koʻra, dekabr oyi boshidagi holatga koʻra, 293 nafar OAV xodimlari hibsda saqlanmoqda.
Xalqaro tashkilot maʼlumotlariga koʻra, eng koʻp qamoqqa olingan jurnalistlar Xitoyda — 50 ta. Undan keyingi oʻrinlarda Myanma — 26, Misr — 25, Vetnam — 23, Belarus — 19. Birinchi oʻnlikka Turkiya (18), Eritreya (16), Saudiya Arabistoni (14), Rossiya (14) va Eron (11) kirgan. Oʻzbekistonda qoʻmita hisob-kitoblariga koʻra, qamoqda 2 nafar jurnalist —Elyorbek Tojiboyev va Otabek Sattoriy bor.
«Ketma-ket oltinchi yildirki, JHQ butun dunyo boʻylab qamoqqa olingan jurnalistlar sonini rekord darajada qayd etmoqda. Bu raqam bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan ikkita muammoni aks ettiradi: hukumatlar axborotni nazorat qilish va boshqarishga qatʼiy qaror qilganini hamda ular oʻz saʼy-harakatlarida yanada koʻproq surbetlikka yoʻl qoʻyayotganini. Jurnalistlarni yangiliklar haqidagi reportajlari uchun qamoqqa olish — avtoritar rejimning oʻziga xos belgisidir», — dedi JHQ ijrochi direktori Joel Saymon.
Qoʻmita qayd etishicha, jurnalistlarga nisbatan «davlatga qarshi» ayblovi eng keng tarqalgan ayblov boʻlib qolmoqda. Bu yil tashkilot, shuningdek, kiberjinoyatda ayblangan kamida 17 nafar qamoqqa olingan jurnalistlarning ishini hujjatlashtirdi. Baʼzi hollarda internetda har qanday nashr etilgan yoki maʼlumot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilish mumkin, deyiladi hisobotda.
Bundan tashqari, JHQ 24 jurnalistning oʻldirilishini hujjatlar bilan tasdiqladi. 2021 yilda oʻz mehnati uchun oʻch olish maqsadida oʻldirilgan jurnalistlarning eng koʻpi — Hindistonda (4 nafar) roʻyxatga olingan. Meksika jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakat boʻlib qolmoqda, deya qoʻshimcha qiladi qoʻmita. Joriy yilda mamlakatda 3 nafar matbuot xodimi oʻz reportajlari uchun oʻldirilgan, yana oltita qotillik boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq xayriya ishlari bilan shugʻullanayotgan bloger qamalgani haqida habar qilgan edik.