Prezident: «Bu masalada hamma ayb gaz rahbarlarida…»

Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor davomida xizmat koʻrsatish obʼektlari va aholi xonadonlarida xavfsizlik masalalariga katta eʼtibor berish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

— Tegishli mutasaddilar koʻp qavatli uylardagi xonadonlarni noturar obʼektga aylantirishni soddalashtirish boʻyicha Hukumatga qaror loyihasi kiritsin.

Bunda, keraksiz byurokratiyani olib tashlab, yongʻin xavfsizligi va sanitariya boʻyicha aniq talablarni belgilasin, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev ushbu masalani koʻrib chiqarkan, Denovda roʻy bergan fojiaga alohida toʻxtalib oʻtdi.

— Denovda ogʻir voqea roʻy berdi. Sabablarni oʻrganish uchun barcha ishni amalga oshirdik.

Bu masalada hamma ayb gaz rahbarlarida. Kam bosimga moʻljallangan quvurga oʻrta bosimni ulab yuborishgan. Oqibatda ikki kishi nobud boʻldi. Bu fojiani yashirish kerak emas, yashirmaymiz. Biz vafot etganlarning oilasini eʼtiborga olganmiz, eng muhimi — bunday hodisa boshqa takrorlanishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak.

Haliyam Xudo saqladi bizni. Yana qancha odam vafot etishi mumkin edi. Kunduzi shu voqea yuz berganda nima boʻlardi?

Bunday holatga boshqa yoʻl qoʻyilmasligi shart. Barcha hokimlar tegishli tashkilotlar bilan birga gaz quvurlarini xatlovdan oʻtkazadi va xavfsizlik masalalarini koʻrib chiqadi. Har bir hokim oʻz hududi uchun javob beradi, — dedi Prezident.

8 dekabr kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi «Indenim» savdo majmuasida portlash sodir boʻldi. Hodisa joyiga Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasi safarbar etilib, izchil tekshirish ishlari olib borildi. Hodisa natijasida 2 kishi qurbon boʻldi, toʻqqiz nafar fuqaro turli darajada tan jarohati oldi.