Gurbanguli Berdimuhamedov isteʼfo beradi

Fevral oyi boshida Turkmanistonda mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organi — Xalq maslahatining navbatdan tashqari majlisi oʻtkaziladi. Bu haqda Gurbanguli Berdimuhamedov 7 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining yigʻilishida maʼlum qildi, deyiladi «Vatan» televideniyesi xabarida.

Unda Turkmanistonni kelgusi 30 yilda rivojlantirish dasturini koʻrib chiqish va tasdiqlash, shuningdek, 2021 yil yakunlari va joriy yildagi vazifalar muhokama qilinishi aytilmoqda.

Lekin Ashxobodda yurgan uzunquloq gaplarga qaraganda, Xalq maslahatining bu galgi majlisida koʻriladigan eng asosiy masala boshqa. Aytishlaricha, Gurbanguli Berdimuhamedov davlat boshqaruvini oʻgʻliga topshirish taklifini ilgari surishi mumkin. Bu, albatta, tasdiqlanmagan maʼlumot, aslida oʻsha majlis oʻtgunicha tasdiqlanmasligi ham aniq. Ammo shamol boʻlmasa daraxtning uchi qimirlamaydi deyishadi. Koʻramiz. Vaqti soati yetganda hammasi oydinlashadi.

Va ana shunday taxminlarning mantiqiy davomi oʻlaroq, mart oyida Turkmanistonda navbatdan tashqari Prezident saylovi oʻtkazilishi aytilmoqda. Mamlakat yetakchiligiga asosiy nomzod sifatida aynan Sardor Berdimuhamedov nomi tilga olinyapti.