Denovdagi portlash boʻyicha hukumat xulosasi eʼlon qilindi

Surxondaryo viloyati Denov tumani Mustaqillik koʻchasida joylashgan “Indenim” savdo majmuasida 2021 yil 7 dekabr kuni  yuz bergan fojia oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Bu haqda  Favqulodda vaziyatlar vazirligi Davlat yongʻin nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Oʻlmas Muzaffarov ishtirokida AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, portlash oqibatida 2 kishi qurbon boʻlib, 9 kishi turli darajadagi tan jarohati olgan.

140 ta turar joylarga, yaʼni, 76 ta hovli uylari va 5 ta koʻp qavatli uylarning 64 ta xonadoni, 86 ta noturar joylar, umumiy hisobda 226 ta imoratga ziyon yetgan. Talafot koʻrgan 25 ta bino, jumladan, 13 ta turar joy va 12 ta noturar joy binolari yaroqsiz holatga kelgan.

Ushbu hodisaning kelib chiqish omillari va sabablarini aniqlash hamda uning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Vazirlar Maxkamasining tegishli qarori bilan Hukumat komissiyasi tuzildi va mazkur Komissiya tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Yetkazilgan zararni qoplash ishlari

Yaroqsiz deb topilgan 13 ta turar joyning xonadon egalari boshqa joyga koʻchirilib, joyidan yangidan uy-joy koʻrish boʻyicha pudratchilar biriktirilgan va qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda.

Taʼmirtalab 69 ta turar joylar binolariga, jumladan, 64 ta hovli uylari va 5 ta koʻp qavatli uylarning 64 ta xonadonini tartibga keltirish maqsadida pudratchilar jalb qilinib, taʼmirlash-tiklash ishlari bajarilmoqda. Taʼmirtalab 60 ta noturar binolarda tadbirkorlar tomonidan taʼmirlash va qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mustaqil baholovchi tashkilotlar va boshqa masʼullar tomonidan majmuada roʻy bergan hodisa oqibatida zarar koʻrgan 226 ta koʻchmas mulk obʼektlariga yetkazilgan zarar miqdori 22,6 mlrd soʻmga baholangan, shundan majmuaga yetkazilgan zarar miqdori 14,4 mlrd soʻmni tashkil etadi.

Mazkur yetkazilgan zararlarni qoplash ishlari Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilmoqda.

Hodisa tafsilotlari

 2021 yil 7 dekabr kuni soat 03:54da Denov tumani favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar boʻlimlari navbatchilik qismlariga Denov tumani Bogʻinav MFY Mustaqillik koʻchasida joylashgan “Indenim” MCHJga qarashli savdo majmuasi binosida chaqnash sodir boʻlganligi haqida xabar kelib tushgan.

Xabarga koʻra, voqea joyiga birinchi navbatda Denov shahrining, soʻngra viloyatning tegishli barcha tezkor va avariya xizmatlarining kuch va vositalari jalb etilishi tashkil etilgan.

Yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilib, chaqnash oqibatida majmuaning asosiy kirish eshigidan kirilganda, oʻng tomondagi 4-6 kolonnalar orasida 25 kv.m maydonda savdo rastalari hamda majmua ichida boʻlgan 2 dona “Spark” va “Cobalt” rusumli yengil avtomobillardagi yongʻin bartaraf etilgan.

Majmua haqida

Majmua 2012-2013 yillarda “Surxonmatlubotsavdo” MCHJ tomonidan qurilgan, 2 qavatli, maydoni 4 ming 768 kv.m ni tashkil etadi. Binoning yuk koʻtaruvchi konstruksiyalari temir-beton kolonnali, birinchi va ikkinchi qavatlararo yopmasi temir-beton plitali, toʻsuvchi (sektorlarga buluvchi) konstruksiyalar kolonnalari oraligʻi pishgan gʻisht bilan qurilgan, tom yopmasi metall konstruksiyalar ustidan “sendvich panel” bilan qoplangan.

Majmuaning birinchi qavatida oziq-ovqat mahsulotlari, ikkinchi qavatida kiyim kechak mollari bilan savdo qilish rastalari joylashgan boʻlgan.

Oʻrganish tafsilotlari

Hodisa natijasida eng koʻp zarar koʻrgan joy binoga old tomondan kirilganda chap uzoq burchakning chap tomonidagi devordan taxminan 15 metr, binoning orqa devoridan taxminan 10 metr uzoqlikda joylashgan joy boʻlib, ushbu joydagi temir-beton konstruksiyalar markazi (epitsentr)dan tashqariga qarab hajmli portlashga xos deformatsiyalangan.

Sodir boʻlgan hajmli chaqnash va hosil boʻlgan ortiqcha bosim oqibatida qavatlararo yopmaning temir-beton plitalari yuqori tomonga va devorlari epitsentrdan qarama-qarshi tomoniga harakatga kelib, tomning rigellariga va yuk koʻtarib turuvchi kolonnalariga zarba bilan urilishi natijasida mazkur rigellar va kolonnalar shikastlanib, deformatsiyaga uchragan.

Mazkur obʼektda portlovchi moddalar qoʻllanilganligi oʻrganilganda, portlovchi moddalar izlari mavjud emasligi hamda portlashga xos boʻlgan oʻzgarishlar, yaʼni, “voronka” va portlatish qurilmasining boʻlaklari aniqlanmagan.

Hodisa sodir boʻlgan joyda olib borilgan ochish (kavlash) ishlari natijasida bino ostidan foydalanishda boʻlmagan, diametri 57 mm boʻlgan gaz quvuri oʻtganligi aniqlandi.

Ushbu gaz quvuri toʻliq yoʻnalish boʻylab ochib (kavlab) koʻrilganda, bir tomoni yopilganligi, ikkinchi tomoni “Surxon kapital mobil” MCHJga qarashli “ASR” savdo doʻkoniga kirish zinasi ostidagi gaz tarmogʻidan uzilmaganligi aniqlangan.

Yillar davomida “Surxon kapital mobil” MCHJga qarashli “ASR” savdo doʻkoni binosi ostki qismidan (poydevor orasida) oʻtgan gaz quvuriga ulangan “Indenim” savdo majmuasi binosining ostida qolib ketgan va foydalanishda boʻlmagan gaz quvuri mavjudligi aniqlangan.

2021 yilning 6 dekabr kuni “Hududgaz Surxondaryo” filialining Denov shahargaz taʼminoti boʻlimi tomonidan “Surxon kapital mobil” MCHJga qarashli “ASR” savdo doʻkoni binosi ostki qismidan (poydevor orasida) oʻtgan gaz quvuri oʻrta bosimli gaz oqimi tarmogʻiga ulangan.

Mazkur oʻrta bosimli (500 daPa (0,05 kgs/kv.sm)dan 0,3 MPa (3 kgs/kv.sm)gacha) gaz quvuri Denov tumani hokimligining qozonxonasini gaz bilan taʼminlash uchun 1987 yilda qurilgan. 2013 yilda quvur ustiga “Indenim” savdo majmuasi binosi qurilgan, ish jarayonida ushbu quvurning oʻrniga bino perimetri buylab hokimlik qozonxonasigacha yangi gaz quvuri tortilgan boʻlib, bino ostidagi quvur tarmoqdan uzilmasdan qolib ketgan.

Natijada “Indenim” savdo majmuasi binosining ostidan oʻtgan va foydalanishda boʻlmagan gaz quvurining korroziya oqibatida hosil boʻlgan yoriqlardan (6 joyidan 3-13 sm kattalikda) sizib chiqqan tabiiy gaz binoning ichki qismida gaz-havo aralashmasi yigʻilishi natijasida chaqnash sodir boʻlgan.

Hukumat komissiyasining xulosasi

Olib borilgan tadqiqot va tahlililar natijalariga koʻra, fojianing yuz berishiga sabab boʻlgan omillar yuzasidan Hukumat komissiyasining xulosasi quyidagicha:

Birinchidan, Denov tumani Bogʻinav MFY Mustaqillik koʻchasida joylashgan “Indenim” savdo majmuasida sodir boʻlgan chaqnash portlovchi moddalar qoʻllanilganligi natijasida sodir boʻlmagan;

Ikkinchidan, Denov tumani Bogʻinav MFY Mustaqillik koʻchasida joylashgan “Indenim” savdo majmuasida sodir boʻlgan chaqnash majmua ostidan oʻtgan va foydalanishda boʻlmagan gaz quvuridagi yoriqlardan tabiiy gazning sizib chiqishi natijasida portlash xavfi boʻlgan gaz-havo aralashmasining hosil boʻlishi va unga binodagi elektr jihozlarining avtomatlashtirilgan tartibda oʻchib-yonishida kuzatiladigan uchqunning taʼsiri natijasida roʻy bergan.

Sodir boʻlgan holat buyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, tergov ishlari olib borilmoqda.

Aybdorlar va ularga nisbatan qoʻllaniladigan choralar tergov ishlarining yakuniga koʻra oʻrnatilgan tartibda sud organlari tomonidan belgilanadi va bu haqda qoʻshimcha bayonot beriladi.