IIB xodimi mashinada urib ketgan bolaning hayoti saqlab qolingan, biroq yuzi ayanchli ahvolga kelib qolgan. Bu haqda Nasafnews nashri xabar qildi.
Taʼkidloanishicha, 2021-yil 16-fevral kuni soat 15:00larda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani «Yangiobod» MFY hududidan oʻtgan avtomobil yoʻlining 2-kilometrida ayanchli YTH sodir boʻlgan.
1977-yilda tugʻilgan J.H. «Neksiya» rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, 1-sonli maktab roʻparasidagi piyodalar oʻtish yoʻlagining chap tomonidan oʻng tomoniga oʻtayotgan piyoda, ushbu maktabning tayyorlov sinfi oʻquvchisi, 2014-yilda tugʻilgan F.Q.ni urib yuborgan. Keyinchalik haydovchi IIB xodimi ekani aniqlangan. Bolakay esa ogʻir ahvolda shifoxonaga tushgan.
Bolaning hayoti saqlab qolingan. Ammo uning yuz qismida jiddiy jarohat izlari qolgan. Ayni paytda bolaning sogʻligini tiklash uchun moddiy koʻmak zarur. Uning oilasi yordamga muhtoj.
Bolaning onasi bizga intervyu berib, barchadan oʻz bolasini salomatligini tiklash uchun yordam soʻragan.