Bir «prorab» bo‘lgan ekan. U umri davomida uylar qurgan, quruvchilar jamoasini boshqarib kelgan. Nihoyat, uning nafaqaga chiqadigan davri kelibdi. Nafaqaga kuzatib qo‘yish marosimida tashkilot unga oxirgi qurgan uyini sovg‘a sifatida topshiribdi. Shunda quruvchi uyatdan yuzlari qizarib, sovg‘ani olishni ham, olmaslikni ham bilmay qolibdi. Chunki, u uyni qurishda arzon materiallar ishlatgan, «soqqa» qilish uchun ancha-muncha pulni «yeb» yuborgan ekanda!Endi o‘sha sifatsiz qurgan uyda o‘zi umrini oxirigacha yashashiga to‘g‘ri kelib qolayotganini bilib, kalovlanib qolgan ekan…
Chunki inson o‘zi uchun uy qursa, uni pala-partish qurmaydi. Axir, unda farzandlari yashaydi-ku. Bolalarini tom bosib qolsa, nima bo‘ladi?! Qurilishga ajratgan o‘z pulini o‘marish, 20 kun turishi kerak bo‘lgan beton «stoyka»lar o‘rniga g‘isht terib, tomni armaturasiz plitadan quradimi?!
Aslo!
Lekin… Namunaviy uylar boshqa masala. Ular davlatning pulidan quriladi. Mendan ketguncha, egasiga yetguncha.
«Davlatning puli, davlatdan o‘marsa bo‘laveradi, davlatning puli ko‘p va qaytib so‘raydigani yo‘q…»
Keyingi paytlarda qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy ob’yektlari qurilishida belgilangan me’yoriy tartib-qoidalarga rioya qilinmayotgan holatlar yuqoridagi gaplarga yaqqol misol. Masalan,2022 yil 16 yanvar kuni soat 03:22da Samarqand shahar “Gagarin” ko‘chasida joylashgan 36-uyning tom yopmasining bir qismi esgan kuchli shamol(15 m/sek)sabab ko‘tarilib pastga tushgan.
Shukurki, sodir bo‘lgan holat natijasida jabrlanganlar yo‘q.
Kimdir ziyon ko‘rmasa bo‘ldi, bu kabi xabarlarni o‘qiyverib, ta’sirlanmaydigan bo‘lib ketganmiz. Baribir foydasi yo‘q, xalqim,xalqim deb halqumiga urayotganlarga hech qachon insof bermaydi.
Qurilish tashkiloti materialdan, ish haqidan uraveradi – arzon va shu tufayli sifatsiz materiallarni ishlatadi, hamda bir sira surilgan bo‘yoqni «uch sira» surildi deb rasmiylashtiradi, beton uchun qumga syementni uch-to‘rtga bir emas, o‘nga bir soladi. Malakali quruvchiga munosib maosh berish kerak, u kamiga ishga kelmaydi, shuning uchun mardikor bozoridagi bu kasbga malakasi bo‘lmaganlarni arzonga yollaydi.
Natijadachi?
Natijada Sergelidagi kabi qo‘ziqorinday qurib tashlangan turar joylarning o‘pirilib ketaveradi, Toshkent yer usti metrosining yoriq tushgan ustunlari qulayveradi.
Ajabki, necha asrlardan buyon chelakda arqon bilan loy tashib qurilgan paxsa uylar qolib, “kecha“ qurilgan “namunaviy“ uylarning tomi uchib ketaveradi…
Birgina misol, oxirgi ikki yilda 1 ming 233 nafar shaxs qurilishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yib, javobgarlikka tortilgan.
Lekin biz bilmagan qurilish qoidalari qo‘pol ravishda buzilib qad ko‘targan sifatsiz “bunyodkorlik”lar uchun hisobsiz mablag‘larni “tuya qilgan» lar qancha.
Eng achinarlisi nima, bilasizmi? Korrupsiya shunchaki ijtimoiy norma emas, balki odamlar hayotiga zomin bo‘layotgan “mahluq”qa aylanib bormoqda.
Ming afsuski, shuncha ogohlantirishlarga qaramay, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan qurilishlar hamon davom etmoqda. Bunday quruvchi tashkilotlar rahbarlarida na insof bor, na vijdon. Nahotki ularning tanobini yaxshilab tortib qo‘yadigan mas’ul tashkilot bo‘lmasa?! Qurilish sohasidagi korrupsiyaga qarshi zudlik bilan kurashish kerakligini tushunib yetish uchun yana qancha fojialarni boshdan kechirish kerak?
Shaxruza Sattorova