Prezident maktab taʼlimi islohotining asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi

Prezident maktab taʼlimi islohotining asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Eng avvalo, kelgusi besh yilda 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratilishi lozim. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilning oʻzida 527 ta maktabni qurish va rekonstruksiya qilishga 2,5 trillion soʻm ajratildi. Bu mablagʻ yanada koʻpaytiriladi.

“Bir narsani aniq tushunish kerak. Yangi qurilayotgan va taʼmirlanayotgan maktablar ham oʻquvchilar, ham pedagoglar uchun qulay va moslashuvchan boʻlishi kerak. Yangi qurilayotgan maktablarda quyosh paneli va issiq suv kollektori albatta boʻlishi shart.

Bu ishlar bilan endi joylarda viloyat, shahar va tuman hokimlari shugʻullanadi. Bugundan boshlab Xalq taʼlim vazirligining qurilishga buyurtmachi boʻlish vakolati tugatiladi.

Mutasaddilar va viloyat hokimlariga bir oy muddatda yangi talablardan kelib chiqib, “namunaviy maktab” loyihalarini taqdimot qilish topshirildi.

“Endi yangi maktablar mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik nazorati ostida quriladi va foydalanishga qabul qilinadi”, dedi davlatimiz rahbari.