Bolasini ayiq yoniga tashlagan ona ijtimoiy ahvoli ma’lum qilindi

Poytaxtimizda joylashgan hayvonot bog‘ida ona o‘z bolasini ayiq saqlanadigan to‘siq ichiga tashlab yuborganligi haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan xabarlarga Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi munosabat bildirdi.

https://youtu.be/5NhHsi5bbVo

O‘rganishlar davomida hodisa ishtirokchilari — 1991 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahar Sergeli tumani “Qumariq” mahalla fuqarolar yig‘ini Obod ko‘chasi
45 uyda yashovchi fuqaro Z.T. va uning 2018 yilda tug‘ilgan qizi, fuqaro Z.A. ekanligi, fuqaro Z.T. hozirga qadar o‘z otasi, fuqaro Yu.T.ga tegishli mazkur xonadonda 2 nafar farzandi bilan istiqomat qilib kelganligi aniqlandi.

Fuqaro Z.T. bilan suhbat davomida poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlashi, turmush o‘rtog‘i, 1990 yilda tug‘ilgan, ayni vaqtda Rossiya davlatiga ketgan fuqaro N.K. bilan hozirda birga yashamayotganligi sababli ruhiy tushkunlikka tushib qolganligi ma’lum bo‘ldi.

Fuqaro Z.T. oilasi bilan muqaddam Sergeli tumanidagi “Yangi Bunyodobod” mahallasida ijarada yashagan. Ajrim yoqasidagi mazkur oiladagi holat “Yangi Bunyodobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi N.Yuldasheva, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor O.Ashurova tomonidan ko‘p bora o‘rganilgan, oilani yarashtirish choralari ko‘rilgan.

Fuqaro Z.T. 2021 yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan va unga uy-joy va ajrim masalasida zarur huquqiy maslahatlar berilgan. Shuningdek, homiylik mablag‘lari hisobidan uning oilasiga ikki bor oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan,- deyiladi xabarda.

Hozirda hodisadan jabrlangan qizga barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.