Prezident ommaviy chiroq oʻchishining sabablarini aytdi

Bugun Shavkat Mirziyoyev Mirziyoyev onkologiya tibbiyot markazi loyihasi bilan tanishdi. Unda elektr energiyasi quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Maʼlumki, shu yil 25 yanvar kuni mintaqamiz elektr taʼminotida texnik uzilish sodir boʻldi. Bu barcha elektr stansiyalarga taʼsir qilib, favqulodda vaziyat yuzaga keldi.

Bunga bir qancha sabablar bor. Jumladan, yagona energetika tizimi 220-500 kilovoltli magistral elektr tarmoqlar orqali toʻliq halqalashtirilmagan. Shimoli-Gʻarbiy va Janubi-Gʻarbiy energouzelning asosiy qismida 500 kilovoltli tarmoqlar yoʻq. Baʼzi magistral tarmoqlar qoʻshni davlatlar hududi orqali oʻtgan.

Shu bois, Oʻzbekistonda 500-750 kilovoltli tarmoqlarni qurish orqali yagona halqa tizimini hosil qilish rejalashtirilmoqda. Xususan, 2026 yilga borib, jami generatsiya quvvatlarini 27 ming 400 megavattga, yillik ishlab chiqarish hajmini 110 milliard kilovatt soatga yetkazish moʻljallangan. Shunda yurtimizning barcha hududlari 500-750 kilovoltli tarmoqlar orqali mustahkam bogʻlanadi va bir butun tizim yaratiladi.

Prezident elektr energiyasi tizimini isloh qilish, qoʻshni davlatlar bilan sohadagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. Elektr energiyasi quvvatlarini oshirish hamda uni yetkazib berishni avtomatlashtirish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlashga koʻrsatma berildi. Bundan asosiy maqsad elektr energiyasi tizimini barqaror qilib, xavfsizligini mustahkamlash, xalqimizni bu muhim manba bilan uzluksiz taʼminlashdir.