Bojxona kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi

«Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun (OʻRQ–748-son, 01.02.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Kiritilgan qoʻshimchalarga muvofiq, vakolatli iqtisodiy operatorlarning (insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etish) huquqiy maqomi Kodeksda belgilandi.

Kodeksga reeksport, vaqtincha olib chiqish, reimport, vaqtincha olib kirish, yoʻq qilish bojxona rejimlari uchun rusatnoma olish talabi bekor qilinganligiga oid oʻzgartirishlar kiritildi.

Ruxsatnoma olish faqat tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash, bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimlarida talab etiladi.

Kodeksga tranzit deklaratsiyasi tushunchasi kiritildi, unga koʻra tranzit deklaratsiyasi tovarlar va (yoki) transportlar haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda bojxona organiga taqdim etiladigan hamda bojxona hududiga olib kiriladigan va Oʻzbekiston hududi orqali tranzit olib oʻtiladigan tovarlarini joʻnatuvchi bojxona organidan tovar kelib tushadigan bojxona organigacha nazorat qilish uchun foydalaniladigan hujjatdir.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.