Xabaringiz bor, 10 yanvar kuni «Nasafnews.uz» saytida «Qashqadaryo viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati YPX inspektorlarini koʻproq «protokol» tuzishga majburlamoqda» nomli maqola va audio eʼlon qilingan.
Xabarlarda Qashqadaryo yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyatining ayrim xatti-harakatlari mehnat qonunchiligiga zid ekani, bu borada bir guruh YPX inspektorlari tomonidan murojaat yoʻllangani aytiladi.
Eng qizigʻi, Qashqadaryo viloyati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Shahriddin Qoʻshoqov inspektorlarga «20 ta bayonnoma yozasan, mast haydovchi ushlaysan» deb yuklama qoʻygan.
Saytning bu boradagi xabarlariga munosabat bildirgan Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlanganini maʼlum qildi.
«Qashqadaryo viloyati IIB YHXB boshligʻining oʻrinbosari SH.Qoʻshaqov va navbatchi E.Alimovlar tomonidan YPX xodimlari kun davomida 20 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirishi zarurligi aytilgan audio oʻrganilmoqda. Ushbu xabar yuzasidan IIV JXD YHXX tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi belgilandi», – deb munosabat bildirildi.
Ammo oradan shuncha kun oʻtsa hamki, mazkur oʻrganish natijalari jamoatchilikka maʼlum qilinmayapti. Hammasi kundek ravshan boʻlib turgan haqiqatni Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi hali ham izlab yurgan koʻrinadi.
Oʻz-oʻzidan Qashqadaryo viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyatining «qilmishi bosdi-bosdi» qilinmoqdami degan haqli savol paydo boʻlmoqda. Balki Qashqadaryo YHXBni nazorat qiluvchi yuqoridagilarni bu savollarga javob berish vaqti kelgandir?!
Xoʻsh, YPX inspektorlarni koʻproq protokol tuzishga majburlaganlarga jazo beriladimi? Yoki «oʻrganilmoqda» deb jamoatchilik voqelikni unutib yuborishini kutyapsizlarmi?