Ustoz otangdek ulugʻ, “Marhamat”da bu gap yoʻqmi?

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida oʻqituvchilar oʻquv muassasida taʼlim sifati, oʻquvchilarning oliygohlarga kirish koʻrsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib uzr soʻrashgan.

Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, bu ishga tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri va hokim yordamchisi masʼul boʻlgani aytilmoqda.

Marhamat tumani 72-IDUM oʻqituvchilari ota-onalar qarshisida kechirim soʻrashga majbur qilingan.

«Maktabimizda 4 fevral kuni tuman hokimligi vakillari bilan birgalikda ota-onalar yigʻilishi oʻtkazildi. Unda oʻquvchilarning taʼlim olishidagi boʻshliqlar, oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari tanqid ostiga olinib, ustozlar ota-onalar oldida turgʻazib qoʻyildi», — deydi shaxsini oshkor etmaslikni soʻragan guvohlardan biri.

Uning soʻzlariga koʻra, direktor boshchilik oʻqituvchilar hokimlik vakillari topshirigʻiga binoan «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim soʻrashgan.

«Tuman hokimi uchun shunday negativ kerak ekan. Yigʻilish ssenariysi mualliflari — XTB mudirasi va hokim yordamchisi uzrbozlikka bosh-qosh boʻldi.

Ustozlarning «ayb»lari ayovsiz ochib tashlanayotganida ayrim hamiyatli ota-onalar soʻzga chiqib, ustozlardan uzr soʻrashdi.

«Sizlarning oʻrningizda biz boʻlishimiz kerak», deyishdi», — deya hikoya qiladi tadbirda ishtirok etgan manba.

Uning bildirishicha, ota-onalarning chiqishidan keyin ham masʼullarning harakatlarida oʻzgarish boʻlmagan, ular tadbir tusi va ritorikasini oʻzgartirishga harakat qilishmagan, poʻpisa qilishda davom etishgan.

«Ustozlarning mehnatlari inobatga olinmadi, ularni ruhan sindirishdi. Yosh ustozlar ochiq-oshkora «oʻqituvchilik kasbini tanlaganimdan ming afsudaman», deyishmoqda. Ancha yil ishlab tajriba orttirgan ustozlarning ham boshi xam. Maktabni tashlay desa boshqa hunari yoʻq. Bu yoqda bola oʻqitish, uylash-joylash tashvishi», — deydi uzrxohlik tadbirida ishtirok etgan ustozlardan biri.

Bunday «uzr soʻrash» marosimi oʻqituvchilar va ota-onalar tomonidan keskin tanqidga uchragach, boshqa maktablarda oʻtkazilgan yigʻilishlarda direktorlar oʻz xodimlarini sahnaga chiqarishmagan. Shu bilan birga shu kabi yigʻilishlar Marhamat tumanidagi 9-, 27-, 43-maktablarda ham oʻtkazilgan.
Andijon davlat universiteti tayanch doktoranti Sharofiddin Hoshimjonov boʻlib oʻtgan voqea haqida fikrlarini bildirdi.

«Oʻqituvchilarning 85 foizi chalasavod emas. 50 foizi shunaqa, 50 foizi faqat kun maddohlarniki ekanini bilib, qoʻlini yuvib qoʻltigʻiga urgan. Bu yogʻda talab katta, muammolar esa tizimli. Sinflarda oʻquvchilar soni 25 nafardan oshmasligi kerak, lekin hozir kamida 30 nafardan.

Qoʻshimcha maktablar kerak, sinflar ochilishi kerak, darslar ikki smenada oʻtilmasligi kerak. Bir kunda 6 soat darsi bor oʻqituvchi tugaydi. Oʻsha maqtalayotgan chet elda ham kuniga ikki soat, nari borsa uch soat dars oʻtishadi. Qoʻshimcha ishlarga jalb etilmaydi. Xullas, doim xalq aybdor boʻlgani kabi, tizimda ham rahbarlar emas, oʻqituvchilar aybdor boʻlib qolmoqda.

Maktab oʻqituvchilari uzr soʻrashi kerak, qachonki maktablarda haqiqiy jamoatchilik kengashlari faoliyat yuritib, fanlar boʻyicha oʻquvchilarning bilim darajasi indeksatsiya qilinsa. Endi hamma tumanlardan kutar ekanmiz», — degan doktorant.

Tumandagi oʻqituvchilarning bir nechasi bunday yigʻilishlar chindan ham oʻtkazilganini tasdiqladi. Ularning hikoya qilishicha, majlislarga tuman hokimi tashrifi haqida ham ogohlantirishgan. Norozilikdan soʻng ayrim maktablarda yigʻilish nomaʼlum muddatga qoldirilgan.

Qayd etish kerakki, soʻnggi kunlarda Andijon viloyatida taʼlim tizimidagi qator shubhali topshiriqlar jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Avvalroq, Andijon viloyatidagi taʼlim muassasalarida oʻqituvchilar tunda oʻtkazilayotgan «Gulxan atrofida» tadbirlariga majbur etilayotgani va uyushmagan yoshlar uchun, deya atalayotgan tadbirlarda maktab oʻquvchilari oʻz raqslari bilan koʻrinish bergani haqida xabar berilgan edi.

Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Azizbek Mirkamilov esa tadbirlardan rasm va videotasvirlar tarqatgan oʻqituvchilarni «gap tashish» va «gʻiybatchilik qilish»da ayblagan edi.