O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Ayni vaqtda Samarqandda bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev viloyatda yangi qurilgan yer osti tonnelini ko‘zdan kechirmoqda.
Prezident Samarqandda tramvay bor ekanligini alohida qayd etib o‘tdi.
“Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq O‘zbekiston 24 telekanalida efirga uzatilgan “Menimcha” teleloyihasida Toshkent jamoat transportidagi muammolarni hal qilish uchun tramvaylar faoliyatini tiklash taklif qilingan edi.
Xususan, loyiha muallifi Xayrulla Nuriddinov Toshkent shahridagi jamoat transporti muammolari haqida gapirib, tramvay faoliyatini tiklash taklifini bergan.
“Transport faoliyatini takomillashtirish maqsadida Toshkentga tramvaylarni qaytarish kerak, menimcha. Katta va gavjum shaharga tramvay juda asqatadi. Hammamizning esimizda-ku o‘sha qulay, bejirim, bir tekis yuradigan, eng muhimi ekologiyaga umuman zarar yetkazmaydigan qadrdon tramvaylar. Bu mening fikrim, albatta. Agar Toshkent mutasaddilarining o‘rnida bo‘lganimda, ana shu tashabbus bilan chiqardim”, – deydi Xayrulla Nuriddinov.