Po‘lat Bobojonov: Yo‘llarda 200 mingta yo‘l belgisi yetishmaydi

2248 kilometr yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagan. 3571 kilometr piyodalar yo‘lagi, 2337 kilometr veloyo‘lak tashkil etilmagan, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylaridan 2731 tasi yoritilmagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov Yangi O‘zbekiston gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Shuningdek, 1835 ta joyda shovqin chiziqlarini chizish, 2904 ta joyda sun’iy notekisliklar yaratish, 750 ta svetofor o‘rnatish zarurati mavjud.

Bugun yo‘llarda 200 mingta yo‘l belgisi yetishmaydi, mavjud 105 mingdan ziyodi esa zamonaviy turdagi yo‘l belgilariga almashtirilmagan. Mahalliy hokimliklar huzuridagi yo‘l harakatini tashkil etish, maxsus o‘rnatish va foydalanish bo‘linmalari mavjud ehtiyojning atigi 50 foizini ta’minlab bermoqda. Xususan, 2019-2021 yillarda respublika bo‘yicha o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 610 mingta yo‘l belgisidan 304 ming 775 tasi talabga javob beradi, xolos. Bundan tashqari, aholi gavjum joylarda 25 ta yer osti va yer usti piyodalar o‘tish joyini qurishga zarurat bor.

Ochiq aytish kerakki, ahvol achinarli. Xususan, hozir faoliyat yuritayotgan 1348 ta o‘quv tashkilotining 745 tasida o‘z binosi, 1277 tasida o‘z o‘quv avtodromi yo‘q. Ularning 41 foizi o‘quv-mashq avtomobilidan ijara asosida foydalanadi.

Respublikamizdagi 2752 ta chorrahaning bor-yo‘g‘i 145 tasi yoki 5 foizi zamonaviy kameralar bilan jihozlangan, xolos. Bu esa yo‘l harakatini tashkil etish va nazorat qilib borish, chorrahalardagi tirbandliklar to‘g‘risida ma’lumotlarni olish hamda bartaraf etish uchun imkoniyatlarni cheklab qo‘ymoqda. Shuning uchun bu sohada eng ilg‘or hisoblangan Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya kabi davlatlar tajribasi o‘rganib chiqildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi yo‘l uchastkalari va chorrahalarini 1491 ta aqlli svetofor, 4473 ta intellektual kamera, tezlikni nazorat qiluvchi 720 ta qurilma bilan jihozlash zarur. Mazkur vositalar hokimliklar yordamida xarid qilinib o‘rnatilgan taqdirda xuddi Toshkent shahridagi kabi Avtomobil harakatini nazorat qilish va kuzatib borishning yagona markazlashgan va kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi har bir viloyatda tashkil etilib, integrasiya qilinadi»,—deya ta’kidlagan vazir.

Avvalroq Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov nega OAV dan uzoqda?, nomli maqola e’lon qilgan edik.