O‘zbekiston elchixonasining Xarkovdan fuqarolarni evakuastiya qilayotgan mikroavtobusiga snaryad parchasi kelib urilgan
Bu haqda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov ma’lum qildi.
«Xarkovda elchixonaga tegishli diplomatik mikroavtobusning oldi oynasiga, yon tomonni ko‘rsatuvchi oynalariga snaryad parchasi zarar yetkazgan. Shrapnel tushgan deyishdi. Diplomatimiz talabalar bilan birgalikda poyezdga chiqib, Lvovga yetib olishi kerak edi. Xarkovdan mashinada chiqib ketish judayam qiyin va xatarli edi.
Mashinada yetib borolmasdik. Biz imkon qadar manzilga tez borishimiz kerak edi. Mashinaga zarar yetgan, uning ustiga yonilg‘i ham tugagandi. Shu sababli mikroavtobusni vokzalda qoldirdik», — dedi Alisher Kurmanov.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, vaziyat tinchiganidan so‘ng o‘zbek diasporasi vakillaridan mashinani boshqa joyga olib qo‘yish iltimos qilinadi.