2022-yil 1-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 9:15da Ukrainadan evakuatsiya qilingan 258 nafar hamyurtimizni Polshaning Katovitse shahridan olib kelgan navbatdagi maxsus samolyot poytaxtimizga qo‘ndi.
Joriy yilning 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va mutasaddi tashkilotlarining sa’y-harakatlari natijasida Ukrainadan jami 509 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Vatanimizga qaytarildi.
Hozirgi vaqtda “Karchova” nazorat-o‘tish punktidagi to‘planish joyida bo‘lib turgan 650 dan ortiq fuqarolarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Yurtdoshlarimizni olib kelish uchun yana qator evakuatsion reyslarni tashkillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistonning Polshadagi Elchixonasi diplomatlari fuqarolarning masalalarini hal qilish bilan shug‘ullanmoqda va ularning aeroportda boʻlib turishlarini muvofiqlashtirmoqda. Elchixonada uzluksiz ishlaydigan tezkor shtab tashkil etilgan.