Yangiyo‘lda 754 mln so‘mni talon-taroj qilgan bosh hisobchi qo‘lga tushdi

Yangiyo‘l shahrida akasini nomidagi MCHJga bank kreditini o‘tkazib, talon-toroj qilgan bosh hisobchi aniqlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyo‘l shahar bo‘limi tomonidan “O‘zmilliy bank” AJning Yangiyo‘l filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Yangiyo‘l filiali bosh hisobchisi J.M. kredit mablag‘larini o‘zlashtirish maqsadida, akasi J.ning nomiga “Z.B.” MCHJni tashkil qilib, 11 nafar fuqaroning nomiga kredit hujjatlarini rasmiylashtirib, ularga ajratilgan 754 mln so‘mni dastlab “Z.B.” MCHJ hisob-raqamiga va u orqali plastik kartaga o‘tkazib, taron-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-moddasi (soxta tadbirkorlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.