Aytishlaricha, Nexia 3, Spark va Cobalt avtomobillari narxi 10%ga, Gentra narxi esa 12%ga oshishi kutilmoqda. Bu haqda Рlatforma.uz ma’lum qilmoqda.
Avvalroq UzAuto Motors narxlarni 40% yoki undan ham ko‘priroqqa oshirishi haqida xabar bergan edik.
O‘zA axborot agentligi «UzAuto Motors kompaniyasi narxlarni oshirsa, hayron qolmaslik kerak» mazmunidagi material e’lon qilgandi.
Materialda keltirilishicha, butun dunyo bo‘ylab yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi kuzatilayotgani sabab eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham narxlarni oshirmoqda. Bu esa, bugungi bozorga ta’sir qilmay qolmaydi. Albatta, jahonda narx-navoning o‘sayotganligi bor gap. Ammo, 35 mln. aholiga avtomobil ishlab chiqarish sohasida yakkahokimlikni o‘z qo‘liga olgan kompaniya haqida bu qadar «rahm-shafqat nigohlari ila» qarash o‘rinsiz bo‘lsa kerak. Axir, har doim muqobil tanlov uchun imkon bo‘lishi demokratik davlatlarda odatiy hol sifatida qabul qilinadi.
«Bunday vaziyatda, – deyilgan materilda, – “UzAuto Motors” o‘z mahsuloti tannarxini ushlab turishda davom etishiga ishonish soddalikdir. 2020 yil mart oyidan buyon narxlarni ko‘tara olmagani ko‘plab mutaxassislarni hayratda qoldiradi, ammo hozirgi sharoitda bu jarayon o‘z-o‘zidan tugadi.
Agar bir necha kun oldin “UzAuto Motors” tez orada narxlarni 40 foizgacha oshirishi kutilgan bo‘lsa, so‘nggi voqealarni hisobga olsak, bu o‘sish ancha yuqori bo‘lishi mumkin edi va bunga hayron qolmaslik kerak.»