Asaka tumanida fuqarolar qalbaki 100 mln. so‘m pulni 57 mln. so‘mga sotayotganda ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar A.A., X.R. va boshqalar qalbaki banknotalarni muomalaga kiritish maqsadida oldindan til biriktirib, fuqarolar A.K. va X.N.ga 2 000 dona qalbaki 50 000 so‘mlik kupyuralarni 57 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2021 yil 22 dekabrdan boshlab, yangi ko‘rinishdagi 50 000 va 100 000 so‘mlik kupyuralarni muomalaga chiqargan edi.