Ochig‘ini aytsam, hozir yomg‘ir yog‘yapti. Boshqa kunlari yog‘maydi. Ayni shu shoshib turganimda yog‘adi-da. Endi kecha kechroq yotgan ekanman,yaxshigina zax ham o‘tgan ekan, bugun kechroq turdim. Ishga kechikadigan darajada. Shuning uchun taksi olishga to‘g‘ri keldi.
O‘zi taksini uncha yoqtirmayman. Chunki taksiga mingan kunim ishim yurishmaydi (yo‘q joydan ortiqcha xarajat qilganimning o‘zi qancha pushaymon!). Andava qo‘limdan tushib ketadi, kiyimimga kraska tegadi yo yana bir balo.
Sizni bilmadim-u men taksichilarni ikki toifaga bo‘laman – gapirib ketuvchilar va jim yuruvchilar.
Bu safar chakak-do‘xtiriga uchrabman. Qulog‘idagi matohni ko‘rib, telefonda gaplashayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Yo‘q, menga gapirayotgan ekan.
— Ey, may qara, ukam!..
Kech qolganim uchun bahona o‘ylash bilan band bo‘lib, chalg‘igan ekanman. Haydovchi men tomon o‘girilib qaraganidan keyin “quloq” kamina ekanini fahmladim. Yaxshiroq tushuningiz uchun uning gaplarini sal tekislab aytaman.
— Mana shu gapirovrishadi, tushunyapsanmi? A sport bilan madaniyat har xil narsa-ku! Davno qilish kerak edi. U – otdelno, bu – otdelno. A tak, ularga qo‘yib bersang, olimpiadaga ashillachini, gastrolga boksyorni jo‘natib yuborishi hech gap emas! Tushunish kerak—da buni.
Men e’tibor bermagan ekanman, javrab ketayotgan radioda shu haqda gap bo‘layotgan ekan.
Haydovchi tinmayapti:
— Endi o‘zing qara, — dedi u, — Xitoyga bittagina sportsmenimiz bordi. Uyatmi? Uyat! A tak, bizda qish bo‘lmasa ham qishki sportda qatnashadigan bolalar ko‘p. Nega bitta boradi? Chunki sportni tushunishmaydi.
Xafa bo‘lmasin deb, bosh irg‘ib qo‘ydim. Ochig‘ini aytsam, sportni uncha yoqtirmayman. Do‘stlar davrasida fidbol ko‘rib qolishsa, zerikaman. Allaqayoqdagi it bilmas jamoalarga ishqibozlik qilishadi, jon kuydirishadi. Masalan, “Barselona o‘zi qayerda?” yoki “Manchesterga borganmisan o‘zi?” deb so‘rasangiz, miq etolmaydi. Lekin muxlislik qiladi. Vaholanki, biror ingliz yo ispan “Sarbahor” yo “Neftegazchi” uchun jonini achitganini ko‘rgan emasman. Bularning borliginiyam bilmaydi.
Bir gal biznikilar Emiratning bolalari bilan o‘ynashayotgan ekan. Televizor tribunani ko‘rsatib qoldi. Emiratliklar soqolli bir kishining katta suratini ko‘tarib olishgan ekan. Yaqinda bittasi gol urgandi. Yonimdagi ishqibozga “Golni shu urdimi?” dedim. “E anqov, bu fidbolistmas, Emiratni poshshosi!” dedi.
Shularni o‘ylab qoluvdim,haydovchi menga bir ishshayib qo‘yib davom etdi:
— Hi-hi, sen ular madaniyatni tushunar balki, deb o‘ylayapsanmi?“M” harfiniyam tushunmaydi. Hamma joyga tushunadigan odamni qo‘yish kerak. Sportga – sportchini, madaniyatga – madaniyatchini. To‘g‘rimi?!
— Ha, — dedim noiloj.
— A bular nima qilyapti? Shinomontajga gaishnikni qo‘yib qo‘ysang, ishloladimi? Yo‘q!Yoki somsachini sartaroshxonaga oborib qo‘ysang, bajara oladimi? Yo‘q! Ana shunaqa, ukam.
Bu yangi vazirliklarni gapirayotganini endi tushundim. Ochig‘ini aytsam, siyosatni uncha yoqtirmayman. Masalan, hozir “Amerikani poshshosi kim?” deb so‘rasangiz, o‘lay agar, aytolmayman.
— Bular endi xotin—qizlar vazirligini ochdi, — derdi haydovchi radioto‘lqinni o‘zgartirib. — To‘g‘risi bor—ku, shu vazirliklar ham juda ko‘payib ketdi…
Radiodagi birinchi ohang sport bilan madaniyatni ajratish to‘g‘risida bo‘lib, birinchi o‘zgarish “akam”ga yoqqan, lekin ikkinchisi endi ensasini qotirayotgan edi.
— Bizda, agar hisoblab chiqsa, ukam, yuztadan ko‘p vazirlik bor ekan, — dedi u.
— Yo‘g‘-e, — dedim.
— E may qara, — dedi u. –Vazirlik bilan ravnays turadigan agentstvo, komitet, slujbalarni qo‘shib chiqsa, rosa ko‘p ekan. Menimcha, shu bizda vazirliklarni joriy etish vazirligi yetishmaydi, ukam. Anov kuni bittasidan eshitdim, Amerikaday dunyoning eng katta davlatidayam buncha emas ekan. U yoqda to‘rt-beshta vazir i vsyo! Qolganini gubernator degan vazir boshqararkan. Daje madaniyat vaziriyam yo‘q ekan—da, tushunyapsanmi?! Gollivud o‘zi hal qilarkan.E madaniyat nima bo‘pti, kabminiyam yo‘q ekan ularda.
— Gollivud faqat kino chiqarmaydimi? — dedim.
— Yo‘q. Nomi – faqat kino. A tak, u yerda hamma san’atkorlar yig‘ilarkan. Artistiyam, ashillachisiyam o‘sha yerda bo‘larkan.
— Qoyil, — dedim, — ishi ancha oson ekan.
— A bizda-chi, — haydovchi o‘z—o‘zidan nimadandir tutaqib ketdi. — Ishini tayini bo‘lmasayam, ko‘paytirib yotishibdi. Koshki foydasi tegayotgan bo‘lsa. Davlatni o‘marib yotadi hammasi. Shu madaniyatni umuman yopib tashlash kerak o‘zi!
“Akam” madaniyat sohasini uncha xushlamas ekan, deb o‘ylab turuvdim, adashgan ekanman. U radio kimni yoqtirmasa, shuni yoqtirmas, kimga xayrixoh bo‘lsa, shunga xayrixoh bo‘lar ekan.
— E boshqalariniyam yopish kerak, —dedi. — Hamma joyda hokim bormi, bor. O‘zi qarasin—da. Nima keragi bor buncha bekorchini to‘plab? Anunda bittasini kechasi 12da uyiga oborib qo‘ydim. “Ish ko‘p”, deydi. Men aytdim, “avvalisiga bir gramm ishlaring yo‘q”, dedim. “O‘zlaringga o‘zlaring bir nimalarni o‘ylab topib, keyin shuni bajarish uchun o‘zlaringcha kuyib-pishasanlar”, dedim. To‘g‘ri aytibmanmi?!
— Endi…
—Yo‘q, o‘zing tushungin-da, ukam. Ukaz chiqsa, bular plan tuzib topshiradi. Keyin ispolneniyasi bo‘yicha otchyot topshiradi. Toys, “bordi qog‘oz, keldi qog‘oz” qilishadi. Keyin yarim kechasi uyiga borib, “charchadim” deydi. Nimaga bunday deyayotganimni bilasanmi? Ko‘pchilikdan eshitganman. O‘zim ham taksiga o‘tirishdan oldin davlat ishida ozgina ishlaganman. Shunaqa edi – qog‘ozni to‘g‘rilab qo‘ysang, u yog‘i bilan hech kimning ishi yo‘q. Bizda shuning uchun ham razvitiye yo‘q…
Haydovchi qattiq xo‘rsinib qo‘ydi. Butun O‘zbekistonning tashvishi shuning gardaniga tushgandek edi.
—E’tibor bermang, — dedim unga dalda berish uchun. — Yangi ishxona ochilsa, qancha-qancha odam ishli bo‘lib qoladi. Boshliqqa o‘rinbosar kerak, shofyor kerak, yordamchi kerak, kotiba kerak. O‘rinbosarlargayam ko‘p narsalar kerak. Viloyatlardagi otdellarda qancha—qancha odam ishlaydi. Shu tomonini o‘ylang, bekorga o‘zingizni siqmang.
—Sen ustimdan kulyapsanmi, ukam! —dedi u rangi o‘zgarib. –Ekonomikadan umuman nol ekansan-ku. A shuncha odamga kim pul beradi, kim zdaniye, mashina beradi, o‘ylayapsanmi? Bu turgan-bitgani rastrata-ku.
Bu yog‘ini o‘ylamagan ekanman. Aytdim-ku, siyosatni yoqtirmayman o‘zi.
—Ha, bu tomondan qarasa, ne to ekan, — deb qo‘ydim.
O‘zi malyarlik, shtukaturka, suvoq bilan ishlaydigan odamman, to‘g‘risini aytsam. Ba’zan davlat ishxonasidan buyurtma tushib qoladi. Ochig‘i, qanaqa idorada ishlaganimni ham bilmay qaytaman. Farqi nima! “Lo‘lining eshagini sug‘or, pulini ol”. Shuning uchun haydovchi aytgan gaplarga umuman fahmim yetmadi. Yaxshiki, ob’yektga yaqinlashib qolgandik.
— Sal chaproq olsangiz, anovi mashina chiqayotgan joydan 150 metr ichkariga kiramiz, — dedim.
Haydovchi bu yerlarni yaxshi bilishi, kimlardir shu yerda yashashi yo yashagani haqida gapira boshladi. Xudoga shukr, bu uncha cho‘zilmadi. Chunki yetib kelgan edik.
Hammasidan xursand bo‘lganim shuki, radioda boshqa gap bo‘lmadi, so‘zni bir xonandaga berishdi. Bo‘lmasa, taksi to‘xtagandan keyin ham siyosat haqida aqlim yetmagan gaplarni eshitishimga to‘g‘ri kelardi, chunki “akam”ning og‘zi tinishi dargumon edi. Aytyapman-ku, o‘zi siyosatni uncha yoqtirmayman.
Julqunboyning jiyani