Qonunchilik ayollarga qanday sovgʻalar bergan?

Bugun 8 mart. Xotin-qizlar bayrami.Muxtarama ayollarimizni shu kun munosabati bilan chin yurakdan tabriklayman. Doimo biz uchun sog‘-omon bo‘linglar. Biz sizlarga hamisha sovg‘alar beramiz, tabriklaymiz. Ammo sovg‘alar faqat biz tomonimizdan emas, qonunchilik tomonidan ham berilgan. Sovg‘alar bir necha haqli imtiyozlar ko‘rinishida:

Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayollarga tadbiq qilinmaydi (JK 51-modda).

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati Jinoyat kodeksi tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining 3/2 qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Oila kodeksi 39-moddasi bo‘yicha xotin homilador bo‘lganda yoki bola tug‘ilganidan keyin 1 yil mobaynida er ajrashishga ariza berolmaydi. Xotin bersa bo‘ladi.

Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashda ayollarga maxsus koloniya (eng yomon koloniya)da o‘tash taqiqlanadi.

O‘ta og‘ir jinoyati uchun hukm qilingan ayollarga ham hattoki shartli hukm qo‘llanilishi mumkin, erkaklarga esa yo‘q.

Uzoq muddatga (20 yildan ortiq, lekin 25 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga) ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayolga berilmaydi,

Ayolni erga tegishga yoki nikohda yashashni davom ettirishga majbur qilish yoxud ayolning erkiga xilof ravishda u bilan nikohda bo‘lish uchun o‘g‘rilash, shuningdek, ayolning erga tegishiga to‘sqinlik qilish bu jinoyat. Lekin erkaklarga nisbatan esa aynan shunaqa norma yo‘q.

Mehnat sohasida davlatning ayollarga beriladigan alohida g‘amxo‘rligi bilan bog‘liq farqlashlar kamsitish deb hisoblanmaydi (Mehnat kodeksi 6-modda).

Mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida ayollar mehnatini qo‘llanish taqiqlanadi (Mehnat kodeksi 224-modda).

Shu o‘rinda aytib qo‘yay, bizning jamoa yuqoridagi ayollarga imtiyozlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Baxtimizga sog‘ bo‘linglar aziz ayollar!