Namangan shahrida 30 ming fuqaroning uy-joyga ehtiyoji bor

Shavkat Mirziyoyev kecha, 9 mart kuni “Yangi Namangan” shaharchasining ikkinchi bosqichi loyihasi bilan tanishdi.

“Yangi Namangan” shaharchasi loyihasining birinchi bosqichida 330 gektar maydonda 8 ming 500 xonadonli 184 ta uy-joy barpo etildi. Shuningdek, 145 gektar maydonda kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 10 ming yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bugungi kunda Namangan shahrida 30 ming fuqaroning uy-joyga ehtiyoji bor. Kelgusi yillarda shahar aholisi yiliga 25 ming nafarga ko‘payishi kutilmoqda.

Taqdimotda ushbu shaharchaning ikkinchi bosqichi bosh rejasi ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, 272 gektar maydonda 20 ming xonadonga ega 171 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari uylarning sifati, infratuzilmasi qanday bo‘lishi bilan qiziqdi. Mutasaddilarga hozir ko‘p qavatli uylarda yashayotgan odamlar va talabgorlar bilan uchrashib, ularning takliflarini olish, shu asosida loyihani tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, batafsil rejalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Hududda uylarni va muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini to‘g‘ri joylashtirish, binolarda milliy hunarmandchiligimizga xos bezaklardan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Shaharcha hududida ish o‘rinlari tashkil etish, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish ham rejalashtirilgan.

Prezident bog‘ uchun daraxt ko‘chatlarini hozirdan yetishtirish, ko‘p qavatli uylar oldida va yo‘l bo‘ylarida ham daraxtlar ekish zarurligini ta’kidladi.

Namangan viloyatida kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llar va ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Mutasaddilarga hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli ishini tashkil etish, mahallalarda sport maydonchalari, maishiy xizmat majmualari qurish bo‘yicha topshiriqlar berildi.