(Maksim Gorkiy va Gabriel Garsia Markes maʼzur tutsin)
Buendia sulolasi batamom yoʻq boʻlib ketganidan keyin, vaqtlar oʻtib, shoʻrlik Makondo ahli axiyri mustaqil boʻldi. Lekin endi eski inqilobchilar qolmagan, oʻlkani ularning zurriyotlari boshqarardi. Angliya lordlari singari bu yerda ham mansab-lavozim avloddan avlodga oʻtar, bosh rahbar – General, hukumat va parlament – Oliy inqilobiy kengash edi.
Aslida Makondoda turmush ancha izga tushib olgan, hamma oʻz yumushi bilan ovora boʻlib, ortiqcha boshqaruvga unchalik zarurat ham yoʻq edi. Shunday boʻlsa-da, Oliy inqilobiy kengash Xudoning bergan kuni erinmay yigʻilar va turli-tuman bahslar oʻtkazar, baʼzan jurnalistlar bu anjumanlardan hech kim pisand qilmaydigan reportajlar tayyorlardi.
Bu hafta ham shunday yigʻilish bilan boshlandi.
– Hurmatli safdosh-quroldoshlar! — dedi polkovnik Anxelio, u Rais edi, – bu hafta nimalarni muhokama qilish toʻgʻrisida bir maslahatlashib olsak.
– Anavi Shimoliy davlat bilan Chekka davlatni nima qilamiz, hurmatli safdosh-quroldoshim Rais Anxelio? – deb gap boshladi noiblar orasida tashqi ishlarga javob beruvchi polkovnik Yoandru. – Biror munosabat bildirib qoʻysakmi, devdim.
– Shartmi shu? – dedi Rais. – Oldin boshqalar biror nima desin, keyin oʻylab koʻramiz. Hozircha General bu xususda biror rasporyajeniye bermadilar menga. Ular ikkovi ham eski revolyutsioner. Biriga yon bossang, ikkinchisi xafa boʻladi. Ertaga yarashib olishsa, uyatli boʻlib qolamiz. Eng muhimi, Chekka davlatdagi valadi revolyutsionerlarimizni yurtga keltirib oldik. Bu yogʻiga sizning Yaniellangiz, hurmatli safdosh-quroldoshim Yoandru, bir kichkinagina bayonot qilib bersa, yetadi. U oʻzi yaxshi biladi nima deb yozishni: tinch yoʻl, kuch ishlatmaslik va shunga oʻxshash gaplar.
– Tushunarli, – dedi polkovnik Yoandru.
– Xoʻsh, yana nima? Dadilroq boʻlaylik, hurmatli safdosh-quroldosh doʻstlarim, dadilroq!
– Qadrli safdosh-quroldoshim Rais Anxelio, hurmatli safdosh-quroldosh doʻstlar, – deb gap boshladi polkovnik Roxelio, – oʻtgan hafta bir kishi – men uning ismini aytishdan hazar qilaman! – xorijda ishlayotgan vatandoshlarimizdan, aniqrogʻi, erinchoq va dangasa vatanfurushlarimizdan soliq olish toʻgʻrisida gap oʻylab topib, bizni chet elliklar oldida xoʻp izza qildi. Oʻzi asli revolyutsionerlardan emas edi. Yaxshiki, biz u yaramasni darrov Kengashdan haydab yubordik. Muhokama uchun biror mavzuni ilgari surar ekanmiz, mana shunday boʻlmagʻur tashabbuslardan uzoqroq boʻlaylik. Shuni eslatib qoʻyishni oʻzimning inqilobiy burchim deb bilaman. Rahmat.
– Minnatdorman, hurmatli safdosh-quroldoshim Roxelio! – dedi Rais va Kengashga yuzlandi: – Qani, marhamat!
– Tunov kuni bozorda menga bir aravakash juda qoʻpol muomala qildi, – dedi polkovnik Migel. U madaniyat masalalariga qarar edi. – Kimligimni bilganidan keyin kechirim soʻradi, albatta (bu gapi yolgʻon ekanini yuqoriga olayib qaragan koʻzlari bildirib qoʻydi)… Shularning bir tanobini tortib qoʻysak boʻlardi.
– Nima qilamiz deysiz?
– Shulargayam bir soliq joriy etsak. Kuniga qancha odamga xizmat qilganini hisoblashni yoʻlga qoʻysak. Shunga qarab daromadidan undiriladi.
– Bu ham tuzuk, qadrli safdosh-quroldoshim Migel! Kimlar tufayli shunday dorulomon zamonda yashayotganini bilib qoʻysin bu pandavaqilar, – dedi Rais. – Yana kim nima deydi?
– Maktab va inverstitetlarda qizlarning furajkasiz yurishi masalasini koʻtarib chiqsak boʻlmaydimi? – dedi Kengashning yagona ayol aʼzosi boʻlgan polkovnik Aponi. U qadim hindular avlodidan boʻlib, jangovarlikdan faqat tashqi qiyofasi qolgan edi.
– Boshiga qoʻndirib yurishsinmi yo yechishsinmi? – dedi Rais.
– Ular hozir yechib yuribdi. Bu – Inqilobga hurmatsizlik, shuning uchun oʻquv joylarida doimiy kiyib yurishini majburiy qilib qoʻysak.
– Unda – maʼqul. Lekin, hurmatli safdosh-quroldosh doʻstlarim, bu bir haftaga kamlik qiladigan masala. General sal jon koyitib aytyaptilar: «Silar hafta davomida nima ish qilaslar oʻzi», deb. Shuning uchun katta-katta gapiraylik.
Qisqa jimlikdan foydalangan Rais devordagi tugmachani bosdi va stolning chekkasiga qarab: «Anxelika, marhamat qilib, bizga qahva keltirsangiz», deb qoʻydi.– General shunday deyayotgan bo‘lsalar, – deb so‘z oldi polkovnik Paulo, – men xalqimiz izzat-nafsiga taalluqli masalani ko‘taraman!
– Nima ekan u?
– Biz nosvoius degan illatga butunlay chek qo‘yish bo‘yicha katta kampaniya boshlashimiz kerak! Chetdan kelganlar bozorlarimizda ochiqdan-ochiq sotilayotgan bu bemazani ko‘rib, burnini jiyiryapti. Zagranisaga borgan vatandoshlarimizning sumkasidan u yoqdagi tamojnilar salafan-salafan shu bemazani topib olyapti. Qachongacha bunday sharmanda bo‘lamiz, chidab bo‘ladimi, axir?!
– Endi bu – sal nozik masala, – dedi polkovnik Duvan, – inqilobchi otalarimiz safida u narsani iste’mol qilganlari ham bo‘lgan. Tegib ketmasmikan?
– Yo‘q. Otalarimiz majburiyatdan shunday qilgan. Chunki u vaqtlari sigaret oltindan qimmat edi. Hozir sharoit umuman boshqacha.
– U holda, shu masalani muhokamaga qo‘yamiz, – dedi Rais va yana boyagi tugmachani bosib, stol chetiga buyruq berdi: – tushdan keyin jurnalistlarni chaqiring!
Shundan keyin kecha televizordan berilgan kinolar, futbol bo‘yicha Lotin Amerikasi kubogi musobaqalari kabi mavzularda jo‘n suhbat boshlandi. Keyinroq tushlik masalasi qizg‘in muhokamadan o‘tkazildi. Kimdir yangi ochilgan Seviche[1] markazida avval arepa[2]ni yarimta axiako[3]ga botirib yeyish, orqasidin sevichening o‘zini qabul qilish taklifi bilan chiqdi. Yana birov empanados[4] tayyorlanadigan zo‘r joy topganini, u yerning sopapiyyas[5]lari ham juda mazali ekanini aytdi. Lekin oxir-oqibat hamma Rais aytgan joyga – poytaxt chekkasidagi xushhavo joyda ochilgan Sankocho[6] markaziga borishga rozi bo‘ldi.
Kotiba Anxelika arava, furajka va nosvoius masalalari muhokamasi bo‘yicha haftalik ish rejalari, hisobot va qarorlarni tayyorlashga tushdi. Kengash a’zolari hafta oxirida ularga imzo chekadi.
JULQUNBOYning jiyani,
maxsus muxbir.
Makondo
[1] Marinovka qilingan baliq va boshqa dengiz mahsulotlaridan tayyorlanadigan taom.
[2] Jo‘xori unidan tayyorlanadigan mazali non.
[3] Tovuq go‘shti, jo‘xori va kartoshkali sho‘rva.
[4] Somsaga o‘xshash pishiriq.
[5] Pirogsimon pishiriq.
[6] Sergo‘sht qilib pishiriladigan halimdek quyuq sho‘rva.