Prezident iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga oid qaror imzoladi

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat aktivlarini shaffof holda xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida:

  1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tomonidan Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar bilan birgalikda 60 ga yaqin vazirlik, idora va 2 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalarning 12 mingdan ortiq ulushlari va koʻchmas mulk obʼektlari yalpi xatlovdan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining, vazirlik, idora hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat aktivlarini boshqarish yoʻnalishidagi asosiy vazifalaridan biri etib, boʻsh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyat sohasiga taalluqli boʻlmagan aktivlarni aniqlash boʻyicha xatlov ishlarini muttasil amalga oshirish va ulardan samarali foydalanish choralarini koʻrish belgilansin.

  1. Quyidagilar:

Xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi xususiylashtiriladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Ommaviy savdolar orqali sotiladigan koʻchmas mulk obʼektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat tender komissiyasi) oʻn kun muddatda mazkur qarorning 1 va 2-ilovalaridagi obʼektlarni 2022 yilda savdoga chiqarish grafiklarini tasdiqlasin.

  1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2022 yil 1 apreldan boshlab, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari (keyingi oʻrinlarda – hokim yordamchilari) tomonidan oʻz hududlarida boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obʼekti yoki yer uchastkalari aniqlangan hollarda, ular:

hududi 2 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obʼekti boʻlganda – hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;

qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari (keyingi oʻrinlarda – yer uchastkalari) boʻlganda – “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma uch kun muddatda tegishli idoralar tomonidan koʻrib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan taqdirda, ikki hafta muddatda toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;

b) vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli boʻlgan, uch oydan ortiq foydalanilmasdan boʻsh turgan obʼekt, ijtimoiy obʼektlar bundan mustasno, Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi;

v) hududi 10 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obʼektlarini sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasining byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga hamda obʼekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.

  1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirlik, idora va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari Agentlik va Kadastr agentligi bilan birgalikda:

doimiy ravishda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari, shuningdek, ustav kapitalining 50 foizi va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) hamda davlatga tegishli boʻsh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyatga oid boʻlmagan


aktivlarni (keyingi oʻrinlarda – aktivlar) aniqlash boʻyicha xatlov ishlarini davom ettirsin;

uch oy muddatda aniqlangan aktivlarni bosqichma-bosqich savdoga chiqarish boʻyicha Davlat tender komissiyasiga takliflar kiritib borsin.

  1. Agentlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:

2022 yil 1 mayga qadar “Universal Mobile Systems” MCHJni baholash va sotish jarayoniga xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchisi, investitsiya banki yoki boshqa ixtisoslashgan kompaniyani (keyingi oʻrinlarda – professional tashkilot) jalb etgan holda, 2023 yil 1 aprelga qadar uni xususiylashtirish choralarini koʻrsin;

ikki hafta muddatda “Oʻzdonmahsulot” AK tarkibidagi don korxonalarini Agentlikka oʻtkazgan holda, ommaviy savdolar orqali sotish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni Davlat tender komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin. Bunda, 25 ta don korxonasini 2022 yil 1 iyulga qadar, qolganlarini esa joriy yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich savdoga chiqarsin;

2022 yil 1 apreldan boshlab “Oʻzagroservis” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning koʻchmas mulk obʼektlari, zarur hollarda, ularni alohida lotlarga boʻlgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga baholangan qiymatda chiqarilishini taʼminlasin;

2022 yil 1 aprelga qadar “Oʻzagrolizing” AJning operatsion samaradorligini oshirish, mavjud qarzdorliklarini tarkibiy oʻzgartirish, jamiyatning likvidliligi va toʻlov qobiliyatini taʼminlashni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

  1. “Oʻzagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarni tugatish boʻyicha Respublika komissiyasi (SH.M.Gʻaniyev) hamda Agentlik ikki oy muddatda “Oʻzagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarning tegishli bino va inshootlari, shu jumladan, Agentlikka oʻtkazilgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.
  2. Moliya vazirligi davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish va xususiylashtirish orqali bank sektorida davlatning ulushini kamaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi PF-5992-son farmoni bilan tasdiqlangan 2020-2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirgan holda:

2022 yil 1 oktyabrga qadar “Qishloq qurilish bank” ATBning aksiyalarini ommaviy joylashtirishni (IPO) taʼminlasin;

2022 yil yakuniga qadar Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va “Asakabank” ATBning davlat ulushlari savdoga chiqarilishini taʼminlasin;

2023 yil 1 iyulga qadar AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB, AT “Aloqabank”, “Agro bank” ATB, “Oʻzmilliybank” AJlarning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirsin.

Mazkur bandda belgilangan vazifalarning ijrosini sifatli va oʻz muddatida taʼminlashga tegishli tijorat banklarining boshqaruv raislari (A.Muratov, S.Annaklichev, N.Saydullayev, SH.Otaboyev, O.Butayev, K.Irisbekova, R.Mamatkulov, A.Mirsoatov) shaxsan masʼul hisoblanadi.

  1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlari:

a) Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda 2022 yil1 aprelga qadar 3-ilovadagi yer uchastkalarini oʻrganib chiqib, ularning ustuvor ravishda mulk huquqi asosida, mulk huquqi asosida imkoni boʻlmaganlarini ijara huquqi asosida savdoga chiqarishni taʼminlasin. Bunda, Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi yer uchastkalarini mulk huquqi asosida savdoga chiqarishda yer uchastkalariga qoʻyiladigan shaharsozlik talablari bajarilishiga alohida eʼtibor qaratsin;

b) Kadastr agentligi, Qurilish vazirligi va Agentlik bilan birgalikda mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq:
2022 yil 1 iyulga qadar “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimida idoralararo kelishuvda turgan yer uchastkalari;

joriy yil yakuniga qadar boʻsh yer uchastkalarini qoʻshimcha ravishda aniqlagan holda ularning belgilangan tartibda mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.

Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov yer uchastkalarining mulk va ijara huquqi asosida sotilishi holatidan kelib chiqib, hududlarda kelgusi oyda savdoga chiqariladigan yer uchastkalarining reja-grafigini oyma-oy tasdiqlab borsin va uning ijrosini qatʼiy nazoratga olsin.

  1. Belgilansinki:

davlat aktivlarini xususiylashtirishda ularning boshlangʻich narxini eʼlon qilmagan holda talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yoʻli bilan, shu jumladan, professional tashkilotlarni jalb qilgan holda sotish uslubi joriy etiladi. Bunda, professional tashkilotlarni jalb qilish orqali xususiylashtiriladigan davlat aktivlari roʻyxati Davlat tender komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;

professional tashkilotlarni jalb etgan holda qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan aktivlar boʻyicha investorlarning takliflari Agentlik va boshqa davlat organlari ishtirokisiz, jalb qilinadigan professional tashkilotlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinadi;

Davlat tender komissiyasi qarori asosida talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yoʻli bilan sotiladigan davlat koʻchmas mulk obʼektlari yoki davlat ulushi boʻyicha investorlar takliflari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qabul qilinadi, bundan qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan aktivlarni professional tashkilotlarni jalb etgan holda sotish holatlari mustasno;

xalqaro nufuzga ega auditorlik kompaniyalarining Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan shoʻba korxonalarining baholash hisobotlari haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi;

davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlar va koʻchmas mulk obʼektlarini sotishdan va ijaraga berishdan, shuningdek, yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini sotishdan tushadigan mablagʻlar xususiylashtirish va ijaraga berish natijalari toʻgʻrisidagi axborotda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan va ijarasidan tushumlar sifatida inobatga olinadi;

Agentlik va uning hududiy organlaridan davlat koʻchmas mulk obʼektlarini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga yagona mulkiy majmua sifatida xususiylashtirish boʻyicha murojaat kelib tushganda, hududning shaharsozlik talablaridan kelib chiqqan holda, Qurilish vazirligi tomonidan bir hafta muddatda tegishli xulosa taqdim etiladi;

davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tarkibidagi tashkilotlarning bino, inshootlari yoki boshqa aktivlarini davlat organlariga oʻtkazilishi tovarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma sifatida qaralmaydi va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi;

davlat aktivlari boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganda dastlabki toʻlov summasi 35 foizdan kam boʻlgan holatlarda, qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanadi;

davlat koʻchmas mulk obʼektlarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan va sotib olish toʻlovini toʻliq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi berilgan tadbirkorlik subʼektlari tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi mazkur obʼektlarga nisbatan tasarruf etish huquqi toʻliq oʻtgandan soʻng toʻlanadi;

xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlarini, jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari, pul mablagʻlari va boshqa mol-mulklarini ular sotilgunga qadar butligini saqlash boʻyicha moddiy javobgar shaxs etib, ularni balansda saqlovchi tashkilotlar (korxonalar)ning birinchi rahbarlari belgilanadi. Bunda Agentlikka mazkur talabning ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish yuklatiladi.

  1. Moliya vazirligi davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari, Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 1, 2, 4-ilovalaridagi davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlarining davlat organlariga oʻtkazilishini taʼminlasin.
  1. Agentlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Toshkent shahar hokimligi “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” davlat unitar korxonasini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga qoʻshish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda, Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Agentlikka hamda Toshkent shahar hokimligiga hisobdorligi belgilansin.

Belgilansinki, Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Markazning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Agentlik ikki oy muddatda Markazning barcha huquq va majburiyatlari, pul mablagʻlari, asosiy vositalari, mol-mulklari, jumladan, koʻchmas mulk obʼektlari va xoʻjalik jamiyatlaridagi ulushlarini belgilangan tartibda Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga oʻtkazgan holda qoʻshilishini taʼminlasin.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.

  1. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Agentlik bilan birgalikda ushbu qarorning ahamiyatini va uni amalga oshirish jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
  2. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J.Ortiqov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.