Prezident qarori: UMS hamda ikkita bank xususiylashtiriladi

Prezidentning «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori қабул қилинди.

Hujjatga ko‘ra:

➖ 2022 yil 1 mayga qadar «Universal Mobile Systems» MCHJni baholash va sotish jarayoniga xalqaro konsalting, auditorlik va investisiya maslahatchisi, investisiya banki yoki boshqa ixtisoslashgan kompaniyani jalb etgan holda, 2023 yil 1 aprelga qadar uni xususiylashtirish choralari ko‘riladi;

➖ ikki hafta muddatda «O‘zdonmahsulot» AK tarkibidagi don korxonalarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazgan holda, ommaviy savdolar orqali sotish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» Davlat tender komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritiladi. Bunda, 25 ta don korxonasini 2022 yil 1 iyulga qadar, qolganlari esa joriy yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich savdoga chiqariladi;

➖ 2022 yil 1 apreldan boshlab «O‘zagroservis» AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ko‘chmas mulk ob’yektlari, zarur hollarda, ularni alohida lotlarga bo‘lgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga baholangan qiymatda chiqariladi;

➖ 2022 yil 1 oktyabrga qadar «Qishloq qurilish bank» ATBning aksiyalari ommaviy joylashtirilishi (IPO) ta’minlanadi;

➖ 2022 yil yakuniga qadar Xalqaro moliya korporasiyasi, YeTTB hamda OTBni jalb qilgan holda «O‘zsanoatqurilishbank» ATB va «Asakabank» ATBning davlat ulushlari savdoga chiqariladi;

➖ 2023 yil 1 iyulga qadar AT «Xalq banki», «Mikrokreditbank» ATB, AT «Aloqabank», «Agro bank» ATB, «O‘zmilliybank» AJlarning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ta’minlanadi.