Shahrisabz hokimligi hokimni saviyasiz va «tupoy» deb atagan Kabul Dusovni prokuraturaga berdi

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hokimligi hokim Samad Hasanovni saviyasiz va «tupoy» deb atagan Kabul Dusovni prokuraturaga berdi. Bu haqda hokimiyat matbuot kotibi Bahodir Halimov xabar berdi.

Hokimlikning ma’lumot berishicha, Kabul Dusov hokim Samad Hasanovga telefon qilib, kelinini ishga tiklashini talab qilgan. Hokim esa bu haqda sud qarori borligini aytib, bu ish uning vakolatiga kirmasligini ma’lum qilgan. Dusov esa hokimning bu javobiga nisbatan uni saviyasiz va «tupoy» deb atagan.

Hokimlik Kabul Dusovni masalaga bir tomonlama yondashishda ayblab, Samad Hasanov nomiga haqoratomuz so‘zlar qo‘llagani uchun uning xatti-harakatini chegaradan chiqish deya baholagan.

Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov bilan telefon orqali muloqot qilgan Kabul Dusov hokimga «sudni siz nazorat qilasiz, aka», deb aytib, ishini hal qilib berishini so‘ragan.

«O‘rganishlar natijasida bloger sifatida tanilgan Kabul Dusovning Adiba Narzullayeva bilan qarindosh emasligi ma’lum bo‘ldi. Adiba Narzullayevaning mehnat nizosi esa tuman prokuraturasi va tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan qayta o‘rganilishi belgilandi», — deydi hokimlik axborot xizmati rahbari.

Hokimlik Kabul Dusovning shaxsiy Telegram-kanali orqali tarqatilgan xabarda tuman hokimi sha’niga nisbatan haqoratomuz so‘zlar qo‘llangani uchun bloger ustidan qonuniy to‘xtamga kelish uchun to‘plangan hujjatlar va suhbatdoshlar o‘rtasidagi audioyozuvni viloyat prokuraturasiga yuborgan.